10-mart oqshomida vafot etgan fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining janoza marosimi 11-mart kuni “Shayx Zayniddin” jome’ masjidida o‘tkazilgani va unda taxminan 200 000 odam yig‘ilgani xabar berilgan edi.
Janoza vaqtida odob-axloq me’yorlaridan chetga chiqib, qolganlarga noqulaylik tug‘dirgan kishilar keskin tanqidga uchradi. Jumladan, “Sayyod.com” saytida janoza vaqtida odamlarning o‘zini tutishi tanqid ostiga olingan.
“Millatimiz faxri, din ulamosining vafoti musulmon xalqining qalbini larzaga soldi. Inson o‘lganida tobuti talash bo‘lishi sharaf ekanligi haqida ko‘p eshitamiz. Biroq, janozadan qaytgan ko‘pgina odamlarning e’tiroziga odamlarning aksariyati tartib saqlay olmasligi-yu, nafaqat qariyalarga, balki mayitga ham hurmatini namoyon qila olmasligi sabab bo‘ldi”, − deb yozadi blogger.
Fikrlar muallifining so‘zlariga ko‘ra, janozaga mashhur insonlar keladi degan gaplar tarqalgach, janozaga qatnashganlar orasida aynan tomosha istab kelganlar soni ko‘paygan va aynan shu tomoshatalablar marhumni so‘nggi manzilga kuzatgani tashrif buyurganlarga xalal bergan.
Saytda keltirilgan videolavhada to‘plangan odamlar tartibsiz harakat qilib, tobutni to‘g‘ri yo‘nalishda olib o‘tishga xalal bergani, imom esa ularni tinchlantirishga urinib, mayitga ozor bermaslikni iltimos qilgani aks etgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan boshqa videolavhalarda esa ba’zi odamlar qabristonda baqir-chaqir qilib, boshqalarni turtib harakatlangani va qabrlarni bosib tashlagani tasvirlangan.
“Madaniyatimiz qay ahvolda? Tobutni ko‘tarib bir-ikki qadam bosish niyatida aslida xudbinlik ila savobni o‘yladikmi yo qalbimiz yig‘lab xayrlashish uchun intildikmi? Janozada ishtirok etganlar shu haqida o‘ylab ko‘rsinchi. Bu buyuk inson bizlarga nimalarni o‘rgatgandi o‘zi? Shundan ko‘ra, o‘zingga savob istab mayitga behurmatlikda qatnashgandan ko‘ra, uyingda chin dildan duo qilib qo‘ysang yetarli emasmidi? Ijtimoiy tarmoqlarda tobut bilan selfi qilganlarga nima deysiz? Bu ham tobuti talash bo‘lish va janozada qatnashmoq savobiga kirarmikan?”, − deydi muallif.
“Insonlarga ilm tarqatib, benihoya ulug‘ o‘gitlar bilan bo‘lishgan odamning o‘limidan keyingi bu holat esa ustozning berayotgan darslari davomi sifatida ibrat bo‘lib ahli musulmonga farosat, tartib va hurmat uchun yaxshigina darslik o‘tasa ajabmas!”, − deb yozadi blogger.
Ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘pchilik odamlarning o‘zini tutishi tanqid qilingan. Xususan, Facebook’dagi “Priznavaysya, Uzbekistan” sahifasida yozilishicha, janozadan tomoshani ustun qo‘yganlar o‘zini o‘ta madaniyatsiz tutgan hamda boshqalarga xalal bergan.
“Odamlarning ko‘pchiligi tomoshaga kelganday go‘yo. Qo‘lidagi buyum quli bo‘lgan ayrim shaxslar tumonat xaloyiqni video va suratga olish bilan ovora. Ayrimlar devorlarga chiqib ketishdi, ba’zilar qabriston darvozalariga maymunlar kabi chirmashib olishdi. Imom esa mikrofondan tinmay odob saqlashni iltimos qilar edi. Saf oxirida turganim uchun hazrat qabriga bir hovuch tuproq tashlash niyatida qabriston tarafga yurarkanman, odamlarning ur-suriga, masjid va qabriston oldida behayo so‘zlarni aytib so‘kinishlariga guvoh bo‘ldim. Qabriston ichkarisi minglab odamga liq to‘la edi. Baqir-chaqir, ur-yiqit, kim kulgan, kim uni suratga olgan. Ayrimlarning yozishicha, yaxshiroq rakurs qidirib hatto daraxtga chiqib video olishgan”, − deb yozgan foydalanuvchi.
Izoh (0)