2015-yil 10-mart kuni YeXHT DIIHB kuzatuvchilar missiyasi vakillari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Baxtiyor Mirboboyev bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi xabar berdi.
Uchrashuv mobaynida saylov qonunchiligiga O‘zbekistonda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi doirasida kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning ahamiyati haqida so‘z bordi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati haqida fikr yuritildi. Ularga muvofiq, saylovni tashkil etish va uni o‘tkazish uchun mas’ul konstitutsiyaviy organ sifatida Markaziy saylov komissiyasi mustaqilligining huquqiy kafolatlari sezilarli ravishda mustahkamlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qoida va talablariga to‘la muvofiq holda o‘tayotganligi alohida qayd etildi.
Mehmonlar Konstitutsiyaviy sud faoliyati, shu jumladan, uning tashkil qilinishi tartibi, sudyalar huquqiy maqomi, sud vakolatlari, konstitutsiyaviy sudlovning asosiy tamoyillari va boshqa jihatlar bilan tanishtirildi. Shuningdek, mamlakatda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining borishi va ularning natijalari haqida axborot berildi.
Uchrashuv ochiq muloqot va fikr almashish ruhida o‘tdi.
Izoh (0)