Navro‘z bayrami kunida O‘zbek blogerlari chempionatining ikkinchi mavsumiga start beriladi. Bu haqda chempionat tashkilotchilaridan biri, huquqshunos Xushnudbek Xudayberdiyev o‘z rasmiy sayti orqali ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2013-yilning so‘nggida, anriqrog‘i 30-dekabr kuni o‘zbek blogerlari orasida ilk chempionatga start berilgan. 3 oy davom etgan ilk chempionat 5 bosqichli tizimda tashkil qilindi. Ilk chempionatda jami 116 nafar bloger ishtirok etib, butun chempionat davomida 221 ta blogpost yozilgan edi.
“Dastlabki chempionat muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng, bizda chempionatning ikkinchi mavsumini o‘tkazish ishtiyoqi kuchaydi. Ammo mazkur chempionat kelajagi bor loyiha bo‘lganligi sababli, uning davomiyligini saqlash uchun faqat son emas, sifatga alohida e’tibor berish lozimligini inobatga olib, uzoq muddat bo‘lsa-da, loyiha ustida izlanishlar olib bordik, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish harakatida bo‘ldik. Mana oradan salkam 1 yil vaqt o‘tib, biz chempionatning ikkinchi mavsumiga start berish arafasida turibmiz va bu xabarlarni Sizlarga mamnuniyat bilan yetkazyapman”, − deb yozadi Xushnudbek Xudayberdiyev.
Demak, Navro‘z bayrami kunida O‘zbek blogerlari chempionatining ikkinchi mavsumiga start beriladi.
Mazkur chempionatni oldingisiga qaraganda ancha saviyali o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Xususan, chempionatning ikkinchi mavsumi uchun blogerlarni birlashtiradigan maxsus portal ishlab chiqilmoqda.
Shuningdek, sovrin jamg‘armasi ham hazilakam emas, albatta. G‘oliblar quyidagi sovrinlar bilan taqdirlanishadi:
- 1-o‘rin: 4 million so‘m;
- 2-o‘rin: 2 million so‘m;
- 3-o‘rin: 1 million so‘m.
- “Vatanparvarlik mavzusida yozilgan eng yaxshi ish” – 750 ming so‘m.
- “O‘zbekistonda yoshlar hayotini yoritgan eng yaxshi bloger” – 500 ming so‘m.
- “Ijtimoiy muammolarni noodatiy tarzda yoritgan bloger” – badiiy kitoblar to‘plami.
- “Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilgan eng yaxshi bloger” – chempionat hamkori Championat.asia sayti tomonidan 500 ming so‘m bilan mukofotlanadi.
Maxsus nominatsiya: “O‘z ishlarida o‘zbek tilining imlo qoidalariga amal qilgan eng yaxshi bloger” – O‘zbekiston Milliy ensiklopediyalar to‘plami (13 ta tom) va O‘zbek tilining izohli lug‘atlari to‘plami (5 ta tom).
Shuningdek, chempionat hamkori UzInfoCom markazi tomonidan finalga yo‘l olgan barcha 10 nafar blogerlarga 2 yil muddatga tekin xosting ajratiladi. Bunda 1−3-o‘rinlarni olgan blogerlarga 1 Gb hajmdagi, qolgan 7 nafar finalchilarga esa 250 Mb hajmdagi xosting taqdim etiladi.
Albatta haqli savol tug‘iladi: tanlovda qanday qatnashish mumkin? Tanlov shartlari bilan qayerda tanishsa bo‘ladi?
Ushbu savollarga to‘liq javobni tez kunda yetkazilishi aytilgan. Hozircha tanlovda qatnashishga doir eng kerakli ma’lumotlar taqdim etilgan:
- Tanlovda barcha ishtirok eta oladi: shaxsiy blog yuritadiganlar ham, umuman blogi yo‘qlar ham. Blogi mavjud bo‘lmagan ishtirokchilarning qatnashish shartlari keyinroq ma’lum qilinadi;
- Tanlovda o‘zbek va qoraqalpoq tillarida yozilgan ishlar qabul qilinadi;
- Tanlov 3 bosqichda o‘tkaziladi. 1-bosqichda ishtirokchilar soni cheklanmagan, 2-bosqichda eng yaxshi 30 nafar bloger saralab olinadi, final bosqichida esa 10 nafar bloger kuch sinashadi;
- Tanlovning birinchi bosqichida qatnashish uchun 2014-yil 1-apreldan 2015-yil 1-aprelga qadar yozilgan blogpostlar taqdim etilishi mumkin. Shu sababli, tanlovga start berilishini kutib o‘tirmasdan, bemalol bugundan blog yozishga kirishishingiz mumkin;
- Tanlovning birinchi bosqichiga 3 tagacha ishlar taqdim etish mumkin;
- Blogerlar istalgan ko‘rinishda blogpost yozishi mumkin. Blogpost hajmi cheklanmagan. Blogpost shakliga (matn, foto, video, audio va h.k.) ham cheklov yo‘q. Bu blogerning o‘z uslubiga va kreativligiga havola.
- Tanlov g‘oliblari aprel oyining oxirlarida aniqlanadi.
Izoh (0)