O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentining Sirdaryo viloyati Boyovut tuman bo‘limi xodimlari tomonidan bir fuqaro arizasiga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbirda tumandagi mahallalardan birining raisi bo‘lgan shaxsning jinoiy qilmishi fosh etildi. Bu haqda “Huquq” gazetasi xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, yuqorida qayd etilgan fuqaro yashab kelayotgan uy-joyining kadastr hujjatlarini olmaganligini bilgan rais uni uy-joyni mahalla balansiga olib qo‘yish bilan qo‘rqitgan. Gap orasida uy-joyni o‘zida qoldirish hamda tegishli kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishda yordam berishi mumkinligini ham aytib o‘tgan. Buning evaziga esa fuqarodan 12 million so‘m talab qilgan.
Rais talab qilingan pora miqdoridan 5 million so‘mini kelishilgan joyda olayotgan vaqtida tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlandi. Sud tomonidan tovlamachi raisga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo tayinlandi.
Izoh (0)