O‘zbekistondagi nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biriga kirmoqchi bo‘lgan abituriyentning opasidan 40 ming dollar so‘raldi, deya xabar bermoqda “Adolat ko‘zgusi” gazetasiga tayanib “Kun.uz”.
Ma’lum bo‘lishicha, ayol o‘zining abituriyent ukasi o‘qishga kirishi oson bo‘lishi uchun “tanish-bilish”, “tanka” topishga harakat qilgan va, gazetada yozilishicha, “har yili abituriyentlarni turli institutlarga kiritish bilan tirikchilik qiluvchi” shaxsni topgan.
“Institutlarning narxi har xil. Siz aytayotganingiz esa judayam qimmat. Kamida 40 ming dollar berishingiz kerak”, – degan vositachi shaxs. Xabarda ayol o‘z ukasini qaysi OTMga olib kirmoqchi bo‘lgani ma’lum qilinmagan.
Ikki tomon bir to‘xtamga kelib, pulni oldi-berdi qilish uchun ma’lum bir vaqtni kelishgan. Biroq ayol vositachida shubhalanib, bu holat haqida Bosh prokuratura huzuridagi SVOJJDLQK departamenti Toshkent shahar boshqarmasiga murojaat qilgan.
“O‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida [vositachi shaxs] ayoldan uning ukasini oliy o‘quv yurtlaridan biriga o‘qishga kiritish masalasini hal qilib berish va’dasi bilan 40 ming dollarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi”, – deyiladi gazeta xabarida.
Qayd etilishicha, sud tomonidan vositachi shaxsga 10,5 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan. Xabarda vositachi shaxs bungacha qancha abituriyent qancha haq evaziga qaysi OTMlarga kiritib qo‘yganiga aniqlik kiritilmagan.
Izoh (0)