Joriy yilning 22-fevral kuni Makka shahrida Saudiya Arabistoni Podshohligi qiroli Salmon bin Abdulaziz Oli Saud rahnamoligidagi Butunjahon xalqaro islom konferensiyasi o‘z ishini boshladi. Ushbu anjuman Butun jahon Islom Uyushmasi (BJIU) tomonidan tashkil etildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikаsi Vаzirlаr Mаhkаmаsi huzuridаgi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitа.
Anjumanda O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi. Konferensiya ochilishidan avval BJIUning Makka shahridagi qarorgohida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimov boshchiligidagi delegatsiyani Butun olam Islom Uyushmasi Bosh kotibi doktor Abdulloh ibn Abdulmuhsin at-Turkiy qabul qildi.
Qabul davomida O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan podshoh Abdulloh ibn Abdulaziz Oli Saud vafoti munosabati bilan ta’ziya izhor etildi. Podshoh Salmon ibn Abdulaziz Oli Saud rahbarligida SAPda boshlangan iqtisodiy islohotlar davom ettirilishi, xususan, Ikki haram kengaytirilishi ishlari muvaffaqiyatli bajarilib, yakunlanishiga xayrli tilaklar bildirildi. O‘MI va BJIU munosabatlari davom ettirilishi, tashkil etilgan xalqaro anjuman kun tartibidagi mavzu bugungi kunda barcha davlatlar uchun juda dolzarb ekanligi ta’kidlandi.
Konferensiyaning ochilish marosimi Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi. So‘ng Al-Azhar universiteti (Qohira) shayxi doktor Ahmad Muhammad at-Tayyib kirish nutqini so‘zladi.
Butun olam Islom Uyushmasi Bosh kotibi doktor Abdulloh ibn Abdulmuhsin at-Turkiy (Saudiya Arabistoni) so‘zga chiqib, terrorizm hech bir din va millatga xos emasligi, hozirda u barcha mamlakatlar uchun katta xavf ekani, bu muammoni islom olami ulamolari faqatgina o‘zaro hamkorlikda bartaraf etishlari mumkinligini gapirib o‘tdi.
So‘ngra Saudiya Arabistoni Podshohligi (SAP) Bosh muftiysi, Butun olam Islom Uyushmasi Oliy Kengashi raisi shayx Abdulaziz ibn Abdulloh Oli shayxga so‘z berildi. Muftiy diniy ekstremizm va terrorizm islom dini ta’limotlariga mutlaqo zidligini Qur’on oyatlari va hadislar bilan sharhlab, bugungi kunda bu illat islom dini sha’niga dog‘ tushirayotgani hamda boshqa din vakillari qalbida islom diniga nisbatan qo‘rquv va nafrat urug‘ini sochayotganini ta’kidlab o‘tdi.
Anjumanda SAP podshohi Salmon ibn Abdulaziz Oli Saud nomidan Makkai mukarrama mintaqasi amiri Xolid ibn Faysal nutq so‘zlab, Saudiya Arabistoni hukumati terrorizm va ekstremistik guruhlarga nisbatan keskin choralar ko‘rayotgani, bu muammoni barataraf etishda hamkorlikka tayyor ekani haqida to‘xtalib o‘tdi.
Butunjahon xalqaro islom konferensiyasi 25-fevral kuni yakunlandi. Konferensiya o‘z ishini 6 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha olib bordi. Ularda terror tushunchasi, islom shariatida jihod masalasi, diniy terrorizm kelib chiqishining ijtimoiy, iqtisodiy, tarbiyaviy, madaniy sabablari, terrorizmga qarshi kurashda informatsion vositalarning roli va boshqa shu kabi mavzular o‘rganildi.
Izoh (0)