O‘zbekistonda parlament saylovi uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi cheklangan missiyasining yakuniy hisobotida shunday xulosa qilingan. Hisobot 24-fevral kuni tashkilotning saytida ingliz tilida e’lon qilingan, deb xabar berildi O‘zbekiston Respublikasi TIV rasmiy saytida.
Elchi Daan Everts boshchiligidagi YXHT DIIHB cheklangan missiyasi 2014-yil 21-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari saylovini kuzatdi. Missiyaning Toshkent shahrida 12 kishilik asosiy guruhi hamda O‘zbekiston hududlarida 8 kishilik uzoq muddatli kuzatuvchilari ish olib bordi.
Missiyaning yakuniy hisobotida qayd etilganidek, Markaziy saylov komissiyasi o‘z faoliyatida shaffoflikni ta’minlash va jamoatchilikni saylov haqida xabardor qilish bo‘yicha faol chora-tadbirlar ko‘rdi. “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi saylovga texnik jihatdan puxta hozirlik ko‘rdi va qonunchilikda belgilangan muddatlarga amal qildi”, deb ta’kidladi ekspertlar.
Missiya kuzatuvchilari shuni qayd etdiki, O‘zbekiston saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarda YXHT DIIHBning avvalgi ayrim tavsiyalari inobatga olingan va saylov kampaniyasi va ovoz berish tartib-taomillariga nisbatan yanada batafsil qoidalar joriy etilgan. Xususan, qamoqda saqlash joylarida ovoz berish imkoniyatini taqdim qilish ko‘zda tutilgan.
issiya, shuningdek, O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq deputatlikka nomzodlarning saylov bilan bog‘liq xarajatlari davlat tomonidan qoplanganini ta’kidlagan. Bunda bo‘lib o‘tgan parlament saylovida moliyalashtirish mablag‘lari miqdori sezilarli darajada oshirilganiga e’tibor qaratilgan. Nomzodlar va siyosiy partiyalar o‘z saylovoldi tashviqotlarini mahallalar va saylov komissiyalari ko‘magida amalga oshirdi. Siyosiy partiyalar va nomzodlarning tashviqot tadbirlari yaxshi tashkil qilingan, zarur resurslar bilan ta’minlangan va to‘sqinliksiz o‘tdi.
Umuman aytganda, ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayoni, missiya kuzatuvchilari fikricha, samarali va shaffof o‘tdi. Ular tashrif buyurgan saylov uchastkalarida saylovchilarning har qanday to‘sqinliklarsiz ovoz berishi uchun zarur sharoit yaratilgan.
YXHT DIIHB kuzatuvchilari missiyasi ma’ruzasida parlament saylovida ayollar va etnik kamchilik vakillarining faol ishtirok etgani yuksak e’tirof etilgan. Xususan, Markaziy saylov komissiyasi ro‘yxatga olgan 535 nafar nomzodning 170 nafari xotin-qizlar bo‘lib, nomzodlar orasida etnik kamchilik vakillari ham bor.
Shu bilan birga, YXHT DIIHB kuzatuvchilari cheklangan missiyasi yakuniy hisobotida kuzatuv davomida aniqlangan kamchiliklar va ularni keyingi saylovlargacha bartaraf etish bo‘yicha qator tavsiyalar bergan.
Eslatib o‘tamiz, hozirgi kunda O‘zbekistonda Prezident saylovini kuzatish bo‘yicha favqulodda va muxtor elchi Kayetana de Zuluyeta boshchiligidagi YXHT DIIHB cheklangan missiyasi o‘z ishini boshladi. Missiya tarkibida 11 nafar xalqaro ekspert, shuningdek, joylarda ish olib borish uchun 10 nafar uzoq muddatli kuzatuvchi bor.
Izoh (0)