O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida “Aholining sanitariya-epidemiologiya masalalarida osoyishtaligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Quyi palataning Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitalari, Ekoharakat deputatlar guruhi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda deputatlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar va ekspertlar, jurnalistlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi raisi B. Alixonov, Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Y. Umarov va boshqalar Prezident Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekistonda sanitariya-epidemiologiya muhiti barqarorligi va ekologik xavfsizlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar inson salomatligini asrash, xalq munosib turmush kechirishi uchun qulay sharoit yaratishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
“Aholining sanitariya-epidemiologiya masalalarida osoyishtaligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasida ushbu sohadagi huquqiy asoslarni yanada takomillashtirish, profilaktika tadbirlarini o‘tkazishda sanitariya me’yorlari, qoidalari, gigiyena talablariga rioya etishning barqaror tizimini yaratish, sanitariya-epidemiologiya xavfsizligini ta’minlashda davlat nazorati bilan bir qatorda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini kuchaytirish va fuqarolarning bu borada mas’ulligini oshirish bilan bog‘liq ustuvor vazifalar qamrab olingan.
Davra suhbatida aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashda qonunchilikni takomillashtirish zaruriyati, yangi qonun loyihasining mazmun-mohiyati, ahamiyatiga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi. Qonun loyihasini takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Izoh (0)