O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlari davom etmoqda. Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Hotamjon Ketmonov 20-fevral kuni Navoiy va Buxoro viloyatlari saylovchilari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Buxoro viloyatidagi uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 3-Buxoro saylov okrugi raisi M.Daminov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili S.Jo‘rayeva yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Hotamjon Ketmonov saylovchilarga o‘z saylovoldi dasturida aks etgan asosiy vazifalar haqida ma’lumot berdi.
Nomzodning saylovoldi dasturida pensionerlar, nogironlar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar va mehnatga layoqatsiz aholining boshqa ijtimoiy guruhlari hayotiy ehtiyojlarini to‘liq qondirishni kafolatlovchi pensiya ta’minoti va ijtimoiy nafaqalarning samarali tizimini shakllantirish, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tovarlar va xizmatlar narxini shakllantirish ustidan davlat nazorati samaradorligini oshirish orqali ularning narxi va tariflari o‘sishi inflatsiya darajasidan yuqori bo‘lmasligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan tovarlar va xizmatlar sifatini oshirish, tannarxini pasaytirish, uy-joylarning ijtimoiy maqbulligini ta’minlash maqsadida davlat mulkini xususiylashtirishdan olinadigan mablag‘larning samarali foydalanish mexanizmlarini yanada takomillashtirish va boshqa qator vazifalar o‘rin olgan.
Uchrashuvda Kogon tumanidagi “Suxor” mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi B.Komilova, Buxoro soliq kolleji bitiruvchisi Z.Muzaffarov, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Qorako‘l tuman kengashi raisi F.Bebutov va boshqalar nomzodning dasturi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Navoiy viloyatidagi uchrashuvni 5-Navoiy okrug saylov komissiyasi raisi O‘. Mavlonov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili A. Asadov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Hotamjon Ketmonov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Dasturda asosiy ustuvor yo‘nalishlar qatorida avvalambor aholining davlat va jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand qatlamlari manfaatlari himoyasi yo‘lida mehnatga layoqatli kishilarning munosib haq to‘lanadigan ish o‘rinlariga ega bo‘lishga intilishini qo‘llab-quvvatlovchi, ularning shaxsiy tashabbuskorligi va ishbilarmonligini rag‘batlantiruvchi kuchli ijtimoiy siyosat yuritish, mustaqil hayotga kirib kelayotgan yoshlarga, ularning ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, kasb tanlash, ta’lim olish va o‘quv muassasalarini bitirgach, albatta, birinchi ish o‘rniga ega bo‘lishlari uchun adolatli, teng va ijtimoiy jihatdan maqbul shart-sharoitlar yaratish qayd etilgan.
Uchrashuvda Zarafshon shahridagi 13-umumta’lim maktabi direktori G.Qarshiyeva, Navoiy davlat pedagogika instituti kafedra mudiri X.Qurbonov, Konimex tumanidagi 5-umumta’lim maktabi direktori I.Narizova saylovlarning ko‘ppartiyaviylik va partiyalararo sog‘lom raqobat ruhida, umume’tirof etilgan demokratik tamoyillar asosida tashkil etilayotgani mamlakatimizni yanada rivojlantirish, xalqaro maydondagi nufuzini tobora mustahkamlashda muhim omil ekanini ta’kidladi.
Izoh (0)