O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov 19-fevral kuni Sirdaryo va Toshkent viloyatlari saylovchilari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Sirdaryo viloyatidagi uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 8-Sirdaryo okrug saylov komissiyasining raisi Sh.Mamatqulov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili M.Altmisheva yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov nutq so‘zlab, saylovchilarga o‘z saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.
Dasturda O‘zbekistonda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash vazifasi davlat, hokimiyat, biznes va fuqarolik jamiyati institutlarining sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirishni talab etishi alohida ta’kidlangan. Bu borada ijtimoiy taraqqiyot dasturlarini keng jamoatchilik ishtirokida ekspertizadan o‘tkazish, birinchi navbatda, tuman va shaharlar miqyosida jamoatchilik nazorati yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi, ijtimoiy ahamiyatga molik fuqarolik tashabbuslarini yoqlab, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish, ularning sog‘liqni saqlash, ta’lim, atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi muammolarni hal qilishdagi ishtirokini yanada kengaytirishga e’tibor qaratilgan.
Uchrashuvda Sirdaryo tumanidagi 13-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi S.Elmurodov, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi o‘rinbosari D.Abdullayeva va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Saylovchilarni 2015-yil 29-mart kuni o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Toshkent viloyatidagi uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 10-Toshkent viloyati okrug saylov komissiyasi raisi N.Abdullayev ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili R.Tolipov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov saylovchilarni o‘z saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi.
Nomzodning saylovoldi dasturida hokimiyat va jamiyat o‘rtasida samarali hamkorlikni kengaytirish, hokimiyatning barcha darajalaridagi boshqaruv vakillari hamda fuqarolar o‘rtasida ochiq muloqot va to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, mamlakatimizda asrlar davomida ahil-inoq yashab kelayotgan turli millat va elatlarning xilma-xilligini mushtarak holda saqlash va rivojlantirish, ommaviy axborot vositalarining mustaqilligi va erkinligini yanada kuchaytirish, olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy islohotlarning ochiq va oshkoraligini ta’minlashda ommaviy axborot vositalarining faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Toshkent viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori B.Qosimov, Oqqo‘rg‘on tumanidagi 78-ixtisoslashtirilgan maxsus maktab-internati direktori N.Hasanova, Ohangaron tumani “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi D.Sanaqulova va boshqalar Prezidentlikka nomzodning saylovoldi dasturi va unda belgilangan ustuvor vazifalar xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, Prezident saylovi ko‘ppartiyaviylik hamda muqobillik asosida, demokratik tamoyillarga mos tarzda o‘tayotganini ta’kidladi.
Izoh (0)