Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov 19-fevral kuni Qashqadaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 13-Qashqadaryo okrug saylov komissiyasi raisi I.Jo‘rayev ochdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov uchrashuvda nutq so‘zladi.
Dasturda mamlakatimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, keng ko‘lamli iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarni izchil davom ettirish, aholi daromadlari va hayot sifatini muttasil oshirib borishga doir muhim yo‘nalishlar o‘z ifodasini topgan. Jumladan, iqtisodiyotni modernizatsiyalash, yangi sanoat korxonalari barpo etish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada keng rivojlantirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qayta ko‘rib chiqish, qishloq xo‘jaligida tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, mahalliylashtirish dasturlarini davom ettirish, investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash va hayot darajasini oshirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilgan.
O‘zbekiston mustaqillik yillarida barcha sohalarda yuksak marralarga erishib, jahon hamjamiyatida o‘z o‘rniga ega zamonaviy industrial mamlakatga aylandi. Butun dunyoda “o‘zbek modeli” sifatida tan olingan taraqqiyot yo‘li erkin bozor iqtisodiyotini shakllantirish, aholi turmush darajasini yuksaltirishning asosiy omili bo‘ldi.
Mamlakatimizning barcha hududlarida ulkan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy infratuzilma rivojlanib, shahar va qishloqlarimiz zamonaviy qiyofa kasb etmoqda. Odamlarning turmush sharoitlari, kayfiyati, dunyoqarashi, ongu tafakkuri yuksalmoqda. Vatanimiz taraqqiyotiga daxldorlik hissi, ertangi kunga ishonchi tobora mustahkamlanmoqda.
Uchrashuvda faxriy jurnalist Q.Egamberdiyev, Shahrisabz tumanidagi “Shuhrat Boboyorov” fermer xo‘jaligi rahbari Sh.Boboyorov, Qarshi shahridagi 46-umumta’lim maktabi sport murabbiyi Sh.Ahadov va boshqalar mamlakatimizda mustaqillik yillarida keng ko‘lamli, misli ko‘rilmagan ulkan ishlar amalga oshirilganini qayd etdi. Prezident sayloviga tayyorgarlik, uni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlar milliy qonunchiligimiz va xalqaro demokratik talablarga to‘la mos ravishda o‘tayotganini ta’kidladi. Saylovchilarni 29-mart kuni bo‘ladigan Prezident saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Izoh (0)