O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Hotamjon Ketmonov 19-fevral kuni Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi saylovchilari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Xorazm viloyatidagi uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 12-Xorazm okrug saylov komissiyasining raisi A.Rahimov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili R.Saburov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Hotamjon Ketmonov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Nomzodning saylovoldi dasturida munosib ish haqi to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlarini taqdim etayotgan korxonalarda mehnatga layoqatli aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni faollashtirish, ijtimoiy sheriklik institutini yanada rivojlantirishni izchil ta’minlash, aholi, ayniqsa, olis qishloq hududlarida birlamchi tibbiy yordamdan qulay va tez foydalanish imkoniyatini ta’minlovchi qishloq vrachlik punktlari tarmog‘ini kengaytirish, farmatsevtika korxonalari va dorixona muassasalari faoliyati, dori-darmon vositalarining narxi ustidan davlat nazoratini kuchaytirish kabi qator ustuvor vazifalar belgilangan.
Uchrashuvda “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi boshqaruvi raisi O.Rajabov, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori B.Ismoilov, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi bo‘lim mudiri N.Odamboyeva va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturida ilgari surilgan maqsad-vazifalar haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 1-Qoraqalpog‘iston okrug saylov komissiyasining raisi K.Karimov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili Q.Qurbonboyev yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Hotamjon Ketmonov o‘z saylovoldi dasturida ilgari surilgan asosiy yo‘nalishlar haqida saylovchilarga ma’lumot berdi.
Nomzodning saylovoldi dasturida qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa qonun hujjatlarini oshkora va konstruktiv muhokama etishda fuqarolik jamiyati institutlari ishtiroki amaliyotini izchil rivojlantirish, ijtimoiy sheriklik institutini yanada rivojlantirishni izchil ta’minlash, fuqarolar huquqlarini himoya qilishning sud mexanizmlari ommabopligini kengaytirish va mazkur masalalarda sud nazoratini kuchaytirish hisobiga sud qarorlari ijrosi sifatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish va boshqa ustuvor vazifalar belgilangan.
Uchrashuvda Xalq demokratik partiyasi Beruniy tumani kengashi raisi X.Eshimbetov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ma’naviyat-targ‘ibot markazi rahbari Sh.Ayapov, Berdaq nomidagi qoraqalpoq davlat universiteti talabasi H.Nurjonova va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ko‘ppartiyaviylik hamda muqobillik asosida, xalqaro demokratik tamoyillarga mos tarzda o‘tayotganini ta’kidlab, saylovchilarni 2015-yil 29-mart kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Izoh (0)