O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov 17-fevral kuni Buxoro va Navoiy viloyatlarida saylovchilar bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Buxoro viloyatidagi uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 3-Buxoro okrug saylov komissiyasi raisi M.Daminov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili A.Tursunov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Nomzodning saylovoldi dasturida ijtimoiy himoya va uning amalda qo‘llanilishi doimiy e’tibordagi masala ekaniga alohida e’tibor qaratilgan. Mamlakatimizda “Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun” tamoyili asosida olib borilayotgan siyosatni rivojlantirish, amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada jadallashtirishda, avvalo, qonun ustuvorligini ta’minlash, yoshi, millati va ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, kelib chiqishidan qat’i nazar, barchaga teng imkoniyatlar yaratib berish, ijtimoiy adolat tamoyillari, fuqarolar huquqlari, qonuniy manfaat va erkinliklarini himoya qilish kabi muhim vazifalar ilgari surilgan.
Vobkent tumanidagi stomatologiya poliklinikasi bosh shifokori M.Hamidov, Buxoro shahridagi "Furqat servis plyus" mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi F.Qodirov, Buxoro yengil sanoat va pedagogika kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi X.Alimov va boshqalar nomzodning dasturi va unda ilgari surilgan asosiy vazifalar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ko‘ppartiyaviylik hamda muqobillik asosida o‘tayotgani mamlakatimizda demokratiya tamoyillariga amal qilinayotganidan, milliy saylov tizimimiz xalqaro normalarga to‘la mos kelishidan yaqqol dalolat ekanini ta’kidladi.
Navoiy viloyatidagi uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 5-Navoiy okrug saylov komissiyasining raisi O‘.Mavlonov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili G.Sattorova yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Nomzodning saylovoldi dasturida sotsial-demokratiyaning an’anaviy qadriyatlariga tayangan holda aholi turli ijtimoiy guruh va qatlamlarining turmush sifati va darajasini oshirishga xizmat qiladigan iqtisodiyotning ijtimoiy yo‘naltirilishiga alohida e’tibor qaratilgan. Ayniqsa, innovatsion iqtisodiyot masalasiga urg‘u berilgan. Ya’ni, faqat yangi texnologiyaga asoslangan iqtisodiyotgina davlatimiz qudratini oshirishi, ijtimoiy sohaning taraqqiy etishiga xizmat qilishi qayd etilgan. Iqtisodiyot, fan va texnikaning eng zamonaviy yutuqlariga, shuningdek, ilg‘or innovatsion tafakkurni tarbiyalaydigan ta’lim tizimiga tayanish zarurligi belgilangan.
Uchrashuvda Qiziltepa tumani xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash, tashkil etish bo‘limi mudiri R.Aslonova, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari Sh.Vafoyev va boshqalar nomzodning dasturi va unda ilgari surilgan vazifalar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Saylovchilarni 2015-yil 29-mart kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Izoh (0)