Kecha, 4-fevral kuni “Nasaf” futbolchilari Antaliyadagi yig‘in doirasida to‘rtinchi nazorat uchrashuvini “Dinamo” (Tbilisi) jamoasiga qarshi o‘tkazdi, deb xabar beradi “Stadion.uz”.
Uchrashuvdan oldin har ikkala jamoa a’zolari viloyat futboli fidoyisi, Qashqadaryo viloyatining sobiq hokimi, marhum Nuriddin Zayniyev xotirasi uchun bir daqiqalik sukut saqladi.
“Nasaf” futbolchilarida hisobni ochish uchun qulay imkoniyatlar tug‘ilgan bo‘lsa-da, o‘yinning so‘nggi daqiqalarida “dinamo”chilar to‘p kiritib, g‘alabani o‘zi tomonga og‘dirib oldi.
Tarkibidagi o‘zgarishlarga to‘xtaladigan bo‘linsa, “Nasaf” klubida ko‘rikda bo‘lib turgan ukrainalik Sergey Shapoval klub lagerini tark etdi.
Ayni paytda sloveniyalik himoyachi Roy Rok “Nasaf” tarkibida ko‘rikdan o‘tmoqda. U kechagi o‘yinda ilk marta “Nasaf” libosida maydonga chiqdi.
Ta’kidlash joiz, qarshilik futbolchilar 22-yanvardan buyon Antaliyada o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari o‘tkazish bilan birga to‘rtta nazorat uchrashuvini o‘tkazdi. Ikki uchrashuvda g‘alaba “Nasaf” futbolchilari tomonidan bo‘lgan bo‘lsa, ikki o‘yinda kichik hisobda imkoniyat boy berildi.
Izoh (0)