Yaponiyaning BS-Asahi telekanalida O‘zbekistonga bag‘ishlangan ko‘rsatuv namoyish etildi. Bu haqda “Jahon” axborot agentligiga asoslanib, “Uz24.uz” xabar bermoqda.
Telekanalning Ima Sekai wa (“Bugungi dunyo”) dasturi doirasida O‘zbekistonning ulkan sayyohlik salohiyati, mamlakatimiz bag‘rida joylashgan tarixiy shaharlar, o‘zbek xalqining boy madaniy merosi singari mavzular qamrab olingan teleko‘rsatuv efirga uzatildi.
Xabar berilganidek, dunyo sayyohlari O‘zbekistonga katta e’tibor bilan qarashmoqda. Jahon sayyohlik bozorida respublikamizning tobora ortib borayotgan nufuzi xususida to‘xtalar ekan, BS-Asahi keyingi yillar davomida O‘zbekistonga borayotgan sayyohlarning soni 7 barobarga ko‘payganini alohida ta’kidladi.
“Mamlakatga kelgan sayyohlar Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva singari afsonaviy shaharlarda joylashgan me’moriy yodgorliklardan hayratga tushadilar. Mazkur tarixiy yodgorliklarning aksariyati YuNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatidan joy olgan”, − dedi yapon jurnalisti.
Teleko‘rsatuvda Toshkent teleminorasi, Alisher Navoiy nomidagi akademik katta teatri, Samarqanddagi Bibixonim masjidi, Buxorodagi Minorai kalon, Xivaning Ichon qal’asi haqida atroflicha so‘z bordi. Alohida qayd etilganidek, ana shunday osori-atiqalar xorijiy sayyohlarda va me’moriy go‘zallik shaydolarida unutilmas taassurotlar qoldirmoqda.
Yuqoridagilardan tashqari, yapon ekspertlari bilan bo‘lgan intervyular ham mazkur ko‘rsatuv sahifasidan joy oldi. Ular o‘suvchan iqtisodiy salohiyatga ega bo‘lgan O‘zbekiston Yaponiya uchun Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng muhim mamlakat ekanligini ta’kidlashdi. Ma’lum qilinganidek, respublikada har tomonlama rivojlangan, barkamol avlodni tarbiyalash ishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda o‘zbek yoshlari faollik bilan xorijiy tillarni, jumladan, yapon tilini o‘rganishmoqda, deyiladi ko‘rsatuvda.
Izoh (0)