Muqaddam jamoat tartibiga qarshi jinoyatlarni sodir etgani uchun sudlanib, bundan tegishli xulosa chiqarmagan kishi afsuski bezoriligini qo‘ymadi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.
U Qashqadaryodan Toshkentga kelib, Zangiota tumani “Eshonguzar” QFYning Toshkent katta halqa yo‘li ko‘chasi bo‘yida joylashgan kafelardan birining yordamchi xo‘jalik xonasini ijaraga olib, tegishli ro‘yxatdan o‘tmasdan, televizor sozlash ustaxonasini tashkil qildi. Ustaxona uning o‘zi, jiyani va ikki tanishi uchun ham ish joyi, ham “kvartira” vazifasini bajarardi.
2014-yilning 23-fevralida u ustaxonada norasmiy ravishda usta va qorovul bo‘lib ishlaydigan kishi bilan yo‘l bo‘yida joylashgan oshxonalardan birida spirtli ichimliklar iste’mol qiladi. Mast holatda ustaxonadan uncha uzoq bo‘lmagan “Karvon saroy” mehmonxonasi oldiga kelganlarida, ikki qizni uchratib qolishadi. Qizlar bilan tanishib, ularga tunab qolish uchun joy zarurligini bilishgach, niyatlari buziladi. Ular bilan ishqiy munosabatga kirishish maqsadida mehmonxonada hech qanday hujjatlarsiz tunab qolishlariga sharoit yaratib bermoqchi bo‘lishadi.
Shu payt ularning yoniga Chilonzor tumani bandlikka ko‘maklashish markazining bir martalik ish bilan ta’minlash byurosida qorovullik qiladigan yigit qarindoshi bilan kelib qoladi. Ma’lum bo‘lishicha, qizlardan biri unga qo‘ng‘iroq qilib, dugonasi bilan mehmonxona oldiga kelganligini, tunab qolish uchun joy topib berishni iltimos qilgan ekan.
Qizning iltimosi bilan kelgan yigit ustaxona egasiga xuddi “oshga tushgan pashshaday” bo‘lib ko‘rinadi. Shu bois, hech bir sababsiz janjal chiqarib, darhol jiyani va ikki tanishini chaqiradi. Zumda qayoqdandir “madad kuchi” paydo bo‘ladi va ular yigitni o‘rtaga olib, do‘pposlay ketishadi. Uning kaltaklanayotganini ko‘rgan qarindoshi va ortlaridan yetib kelgan akasi yordamga oshiqishadi. Biroq, ustaxonada foydalaniladigan pichoqlar, bolg‘a va toshlar bilan qurollangan bezorilarga bas kela olishmaydi. Aksincha, ular tomonidan pichoqlanib, qochishga majbur bo‘lishadi. Jinoyatchi esa pichoq ko‘targancha ularning ortidan quvadi. Toshkent katta halqa yo‘lining serqatnovligi aka-ukalarga qo‘l kelib, jinoyatchining ta’qibidan qutulib qolishadi.
Alamzada bo‘lib ortiga qaytgan jinoyatchi bor alamini qizlarning iltimosi bilan kelgan yigitdan oladi. Olgan tan jarohatlari tufayli holsizlanib qolgan jabrlanuvchini urib-tepib, xumoridan chiqqan bo‘ladi. Bu paytda bir amallab byuroga yetib kelgan yigitning qarindoshi hushdan ketadi. Akasi uni kasalxonaga olib borish maqsadidda yo‘l chetiga chiqqanida yigit ham yetib keladi. Ikkovlashib jarohat olgan qarindoshni kasalxonaga olib borishadi. O‘z vaqtida ko‘rsatilgan yordam tufayli aka-ukalarning hayoti saqlab qolindi.
Mazkur jinoyatni sodir etgan kishi esa qilmishiga yarasha jazosini oldi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi unga nisbatan 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Izoh (0)