Nukus shahrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
“Markaz 375 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, unda 14 bo‘lim hamda 200 qatnovga ega maslahat poliklinikasi faoliyat yuritmoqda, — dedi ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Endirboy Abdullayev. — 100 nafar malakali shifokor, 255 nafar o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimi aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lida mehnat qilyapti.
Shifokorlarning yanada samarali ishlashi uchun yaratilayotgan keng sharoit va imkoniyatlardan aholi ham mamnun. O‘tgan yilning o‘zida markazimiz 1 milliard so‘mlikdan ziyod tibbiyot jihozlari, qattiq va yumshoq mebellar bilan ta’minlandi. Eng zamonaviy, kompyuterlashtirilgan tashxis qo‘yish uskunalaridan foydalanayotganimiz davolash ishlarining yanada samarali bo‘lishiga xizmat qilmoqda”.
Markaz faoliyatini yanada yaxshilash maqsadida klinik diagnostika laboratoriyasi, maslahat poliklinikasi, oshqozon-ichak kasalliklari bo‘limi uchun uch qavatli yangi bino qurilib, foydalanishga topshirildi. “Investstroy Nukus” mas’uliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlari tomonidan barpo etilgan bino qurilishiga 4 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi.
Shifo maskanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarining ikkinchi bosqichida 165 bemor davolanadigan jarrohlik bo‘limining yangi binosini barpo etish rejalashtirilgan.
Izoh (0)