Osiyo Kubogi — 2015dagi ishtirokini yakunlagan O‘zbekiston terma jamoasi Toshkentga qaytib keldi. Futbolchilarni kutib olish uchun Toshkent xalqaro aeroportiga chiqqan muxbirlar yigitlardan bir nechtasi bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi, deb xabar beradi “Sports.uz”.
Aeroportdan birinchilardan bo‘lib chiqib kelgan O‘zbekiston terma jamoasi posboni Ignatiy Nesterov uzoq davom etgan parvozdan toliqqaniga qaramay savollarga javob berdi.
“Barcha yigitlar qo‘ldan kelgancha yaxshi o‘yin ko‘rsatib, muxlislarimizni xursand qilishga harakat qildi. Lekin yaratilgan ko‘plab qulay vaziyatlardan unumli foydalana olmaganimiz bizga yakunda pand berib qo‘ydi va biz chorak finaldanoq uyga qaytishga majbur bo‘ldik.
Umuman olganda, terma jamoamiz qayd etgan natijadan qoniqmadim. Biz bundan-da ko‘prog‘iga erishishni maqsad qilgandik. Shu boisdan ham musobaqadagi ishtirokimizni besh ballik tizimda uch bahoga loyiq ko‘rgan bo‘lardim.
Osiyo Kubogidagi ishtirokimiz yakunlandi. Endi bor e’tiborni JCh — 2018 saralash bahslariga qaratamiz. Asosiy maqsad — mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritish”, — dedi tajribali posbon.
Izoh (0)