Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida yashovchi er-xotin odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblanib qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda “Postda” gazetasi.
Erkak o‘z xotini bilan birga reja tuzib, Bulung‘ur tumanida yashovchi qaynisinglisini uyiga keladi. U eridan ajrashib, vaqtinchalik ishsiz o‘tirgan, boz ustiga voyaga yetmagan ikki nafar farzandini yedirib-kiyintirishga qiynalayotgan edi. Ro‘zg‘ordagi ahvolni ko‘rgan firibgarlar uning ko‘nglini ko‘targan bo‘lib, go‘yoki Turkiyada yashaydigan singlisi va kuyovining ishlariga yordam berib tursa, katta mqidorda pul berishlarini aytadi. Erkak qaynisinglisining pasportini oladi va shu kuniyoq xorijga chiqishga daxldor hujjatlarni to‘plashga kirishadi.
Oradan biroz vaqt o‘tib, Toshkent aeroportidan qaynisinglisini jo‘natish vaqtida uning qo‘liga 1000 dollar berib xorijga uchirib yuboradi. Bir necha soatdan so‘ng samolyot Tailand davlatining Bangkok shahriga kelib qo‘nganini bilgan ayol hayratdan yoqa ushlaydi. Tashqarida uni notanish ikki kishi kutib oladi. Pasporti olib qo‘yilgan ayol uch yildan keyin xastalanib, hech kimga kerak bo‘lmay qoladi. Uy egalari uning qo‘liga 500 dollar tutqazib, yana 20 ming dollarni qilgan xizmatlari uchun Samarqandda yashovchi ayoldan olishini aytib, uni O‘zbekistonga jo‘natib yuborishadi.
Uyga qaytgan ayoldan opasi va pochchasi kunora “o‘zlari sarflagan xarajatlarni” qaytarishni so‘rab, xarxasha qilaverishadi. Toqati toq bo‘lgan ayol puli yo‘qligi, lekin samarqandlik ayol kattagina pul berishi kerakligini ularga ma’lum qiladi. Katta mablag‘ni eshitgan er-xotin yana uni avrashga tushib, tezroq o‘sha pulni qo‘lga kiritish uchun turli xil makr-hiylalarni o‘ylab topishadi.
Lekin jinoyatchilar huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olindi. Er-xotin o‘zlarini har ko‘yga solishmasin, ashyoviy dalillar oldida yer chizib qolishdi, ayblarini tan olishdi va qilmishiga yarasha jazoga tortilishdi.
Izoh (0)