KXDR rahbari Kim Chen In Shotlandiyada xo‘randalarga it go‘shtidan tayyorlangan sho‘rva tatib ko‘rishni taklif qiluvchi o‘z restoranini ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Buyuk Britaniyaning Mirror nashriga asoslanib “RIA Novosti” xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, Shimoliy Koreya yetakchisining Gollandiyada restorani mavjud va u shunday tarmoq orqali Yevropa davlatlari bilan diplomatik munosabatlar qurmoqchi. Kim Chen In bu borada so‘l kayfiyatdagi siyosiy kuchlar hukmron bo‘lgan davlatlarni tanlayotgani qayd etilgan. Jumladan, Buyuk Britaniya emas, aynan Shotlandiyaning tanlanishi ham bejizga emas. Bundan tashqari, shimollik koreyslar shotland viskisini yaxshi ko‘rishi ham aytilgan.
Qayd etilishicha, Shimoliy Koreya restoranlari tarmog‘i hozirda Xitoyda faoliyat ko‘rsatmoqda, biroq Yevropada menyu ko‘hna qit’a standartlariga moslanishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Chunki it go‘shtidan tayyorlangan sho‘rva yevropaliklarga yoqishi dargumon, deyiladi xabarda.
Izoh (0)