26-dekabr kuni “O‘zbekkino” Milliy agentligi qoshidagi badiiy kengashning navbatdagi majlisida agentlik buyurtmasiga binoan “O‘zbekfilm” kinostudiyasida tasvirga olingan “Novda” badiiy filmining ko‘rigi va muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zbekkino” Milliy agentligining rasmiy saytida xabar berildi.
Badiiy kengash a’zolari film professional darajada tasvirga olinganini qayd etib, rejissura, operatorlik ishi va unga bastalangan musiqaga yaxshi baho berdi hamda unda rol o‘ynagan barcha yoshdagi aktyorlarning ijro mahoratini e’tirof etdi. Ushbu filmning ayrim epizodlarini yanada boyitish maqsadida o‘zgartirishlar kiritish tavsiya etildi.
O‘ziga xos yumor bilan yo‘g‘rilgan filmda (ssenariy muallifi va postanovkachi rejissyor Zulfiqor Musoqov) bir oila misolida turli avlodga mansub kishilarning taqdiri, o‘zaro munosabatlari haqida hikoya qilinadi.
“Novda” badiiy filmining bolalar qishki ta’tili paytida katta ekranga chiqishi kutilmoqda.
Kengash a’zolari O‘zbekiston ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar kinostudiyasida tasvirga olingan “Zumrasha” bolalar yumoristik kinojurnalining navbatdagi to‘plamini ham muhokama etib, qabul qildi.
Bundan tashqari, badiiy kengashda rejissyor Shuhrat Mahmudovning “Sotuvga qo‘yilgan odamlar” (LONA studiyasi), rejissyor Nozim Abbosovning “Darg‘a” (YoTIU “5-studiya”), O‘zbekiston ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar kinostudiyasi taqdim etgan “Girdob” va “Qadriyatlar qadrlangan yurt” hujjatli filmlari muhokama qilinib, ularni katta ekranga chiqarishdan oldin ayrim juz’iy kamchiliklarini tuzatish tavsiya etildi.
Izoh (0)