Germaniyaning Auto Bild nashri narxi 4 ming yevrogacha bo‘lgan va 6−10 yil davomida ishlatilgan avtomobillar o‘nligini e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Segodnya.ua”.
10. Skoda Fabia 2-avlodi (Ishlab chiqarilish davri: 2007−2014-yillar)
Ushbu chex avtomobilining iste’molda bo‘lgan namunasini sotib oluvchilarga mutaxassislar motor moyini tez-tez almashtirib turishni maslahat bermoqda.
9. Opel Corsa 4-avlodi (Ishlab chiqarilish davri: 2006−2014-yillar)
Auto Bild ekspertlarining fikricha, Corsa’ning ushbu modeli o‘zidan oldingisidan ishonchliroq bo‘lsa-da, elektronika tizimi, g‘ildiraklar qismlari va old oynada muammolar uchraydi.
8. Hyundai Getz (Ishlab chiqarilish davri: 2002−2011-yillar)
Ushbu koreys avtomobilida zanjir, tormoz tizimi qismlari ishdan chiqishi va kuzovning yemirilishga moyilligi kabi muammolar kuzatilgan.
7. Mitsubishi Colt (Ishlab chiqarilish davri: 2002−2012-yillar)
Nemis mutaxassislari ushbu avtomobilning old yoritgichidagi kichik nosozlik tufayli uni 7-o‘ringa joylashtirgan.
6. Ford Fiesta 4-avlodi (Ishlab chiqarilish davri: 2002−2009-yillar)
Ushbu avtomobilning 2008-yilgacha chiqarilgan namunalarida dizel motori bilan bog‘liq muammolar borligi, silindrlar blokidagi qismlarning yemirilishga moyilligi moy oqib ketishiga sabab bo‘lishi qayd etilgan.
5. Honda Jazz (Ishlab chiqarilish davri: 2001−2008-yillar)
Ushbu avtomobillarning muammolari sifatida tormoz tizimining yemirilishga moyilligi va yoqilg‘i nasosining bosimni yo‘qotishi ko‘rsatilgan.
4. Opel Agila (Ishlab chiqarilish davri: 2000−2007-yillar)
Mutaxassislar yoqilg‘i darajasini va moy bosimini o‘lchovchi uskunalarning ishonchsizligi, yoqilg‘i bakining yemirilishga moyilligi va eshiklardagi muammolarga e’tibor qaratishni maslahat bergan.
3. Ford Fusion (Ishlab chiqarilish davri: 2002−2012-yillar)
Ushbu avtomobil sohiblari muammolarga deyarli duch kelmagan, biroq ba’zida moy ko‘p ketib qolishi va elektronikada muammo chiqishi mumkin.
2. Toyota Yaris 2-avlodi (Ishlab chiqarilish davri: 2005−2011-yillar)
Ko‘plab qismlaridagi kichik muammolariga qaramay ushbu xetchbekka ikkinchi o‘rin munosib ko‘rildi.
1. Mazda2 3-avlodi (Ishlab chiqarilish davri: 2007−2014-yillar)
Birinchi o‘ringa qo‘yilgan yapon avtomobilining g‘ildirak va boshqaruv tizimida muammolar uchrashi qayd etilgan.
Izoh (0)