O‘zbekiston terma jamoasi 2-yanvar kuni Osiyo kubogida ishtirok etish uchun Avstraliyaga uchib ketadi, deb xabar beradi “Stadion.uz”.
Bugun, 30-dekabr kuni bosh murabbiy Mirjalol Qosimov va jurnalistlar o‘rtasida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda futbolchilar Server Jeparov, Sanjar Tursunov va Temur Kapadze ham ishtirok etdi.
Mirjalol Qosimov: “Kirib kelayotgan yangi yil bilan barchani chin yurakdan tabriklayman. Kelayotgan yil barchamiz uchun barakali va unumli bo‘lsin. Yanvar oyidagi muhim musobaqada oldimizga qo‘yilgan ulkan vazifalarni bajarib, sovrinli o‘rinlarga ega bo‘lishni maqsad qilganmiz”.
Server Jeparov: “Mashg‘ulotlar yaxshi o‘tdi. Mashg‘ulotda qiyin bo‘lsa, jangda oson bo‘ladi degandek, mashg‘ulotlarda katta yuklama oldik, o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushdik. O‘ylaymanki, Osiyo kubogiga optimal formada tashrif buyuramiz”.
Temur Kapadze: “O‘zimning shaxsiy rekordim haqida o‘ylayotganim yo‘q. Bu o‘z-o‘zidan bo‘laveradigan narsa. Biz uchun eng muhimi terma jamoaning tayyorgarligi. Bor mahoratimizni ko‘rsatib, yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytishni maqsad qilganmiz.
Sanjar Tursunov: “Osiyo kubogida yurtimiz sharafini munosib himoya qilishni, musobaqada yuqori o‘rinlarni olib, muxlislarni xursand qilishni istaymiz”.
Savol: BAAda o‘tkazilgan birinchi yig‘inda asosiy e’tibor jismoniy tayyorgarlikka qaratilgandi. Ikkinchi yig‘inda esa o‘yinni shakllantirishga qaratildi. Shu bois birinchi yig‘inga nisbatan ikkinchi yig‘indagi o‘yinda yigitlarning harakatlarida yengillik kuzatildimi?
Javob: Barcha yig‘inlar samarali bo‘ldi. Noyabr oyi so‘ngidan boshlab dekabr oyi oxirigacha shug‘ullandik. Jahon futbolida avval texnika birinchi o‘rinda bo‘lsa, hozir birinchi planga jismoniy tayyorgarlik chiqdi. Shu bois asosiy e’tibor jismoniy tayyorgarlikka qaratildi. Buning uchun bizga barcha sharoitlar yaratildi, yig‘inlardan qoniqish hosil qoldim. Endi musobaqada yaxshi ishtirok etish qoldi. Og‘ir yuklamalarga qaramay, yigitlar yurakdan ishladi.
Temur Kapadze: “Iroq bilan o‘yinlar biroz yengilroq o‘tdi. Yanvardan boshlab yana bir haftalik yig‘inda ishtirok etamiz. Hozir formamizning yuqori holatiga chiqdik. Endi bu formani ushlab turishimiz kerak”.
Savol: Vagiz Galiulin nima uchun yig‘inga chaqirilmadi? Bahodir Nasimovning hozirgi formasi sizni qoniqtiryaptimi?
Javob: Vagiz oxirgi yillarda jarohat bois ko‘p o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmadi. Ushbu yildan muntazam ravishda o‘ynay boshladi. O‘ylaymanki, uning chizig‘ida o‘ynaydigan Tursunov, Jeparov va Rashidov undan kuchliroq. Nasimov esa imkoniyatlardan foydalanishda oqsamoqda. U o‘rtoqlik uchrashuvlarida yaxshi imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Nasimov katta tajribaga ega. Uning bizga foydasi tegishi kerak. Uning vizasi kecha keldi, u Osiyo kubogiga boradi.
Savol: Tanlab olingan tarkibdan ko‘nglingiz to‘ldimi?
Javob: Natijaga erishsak, ko‘nglim to‘lgan bo‘ladi. O‘ylaymanki, hozirgi kunda eng yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘lgan futbolchilarni tanlab oldim.
Savol: BAAdagi yig‘in davomida bo‘lib o‘tgan beshta o‘yinda bitta gol o‘tkazdik. Himoyadan ko‘nglingiz to‘ldimi?
Javob: O‘rtoqlik o‘yinlarida xatolar bo‘ldi. Bularni ko‘rib oldik. Osiyo kubogida esa kamroq xato qilib, darvozamiz daxlsizligini saqlab qolish haqida o‘ylayapmiz. Yig‘in paytida jismoniy charchoq ostida o‘ynaganimizni ham ta’kidlash lozim.
Savol: Terma jamoa tarkibini 11 nafar yarim himoyachi tashkil qilmoqda. Bu butun boshli bitta jamoa degani. Asosiy e’tibor ehtiyotkorlikka qaratilayotgandek ko‘rinmoqda. Shu fikrga qo‘shilasizmi?
Javob: Yo‘q, bu fikrga qo‘shilmayman. Futbolda eng ko‘p yuklama bu chiziq vakillariga tushadi. Jamoamizning eng kuchli chizig‘i ham yarim himoyachilardan iborat va bu joyda raqobat kuchli. Bu hujumkorlikka ta’sir qilmaydi. Hech qanday muammo yo‘q.
Savol: Hujumni yakunlashda hujumchilarimizga nima yetishmayapti deb o‘ylaysiz?
Javob: Sovuqqonlik yetishmayapti. Iroq bilan o‘yinda himoyachi bo‘lishiga qaramay, Akmal Shoahmedovda ham yaxshi imkoniyat bo‘ldi. Osiyo kubogida yaratilgan vaziyatlardan foydalanamiz, deb o‘ylayman. Eng muhimi biz imkoniyatlar yaratyapmiz. Imkoniyat yarata olmasak, bundan yomoni bo‘lmasdi.
Savol: Avstraliya iqlimi va vaqt farqiga moslashish bo‘yicha muammolar yuzaga kelmaydimi?
Javob: Haqiqatan ham musobaqa boshlanishiga kam vaqt qolmoqda. 4-yanvarda Sidneyga yetib boramiz, 6-yanvarda nazorat o‘yinimiz bor. Internet orqali kuzatib borishimiz bo‘yicha hozirgi kunda Avstraliyada havo harorati 20—29 darajani tashkil qilmoqda. Jiddiy muammo bo‘lishi kerak emas.
Raqiblarni o‘rganish jarayoni qay tarzda ketmoqda?
Javob: O‘zim va yordamchilarim orqali guruhdagi raqiblarimizni o‘rgandik. Saudiyaning tarkibi kuchli. Osiyoning eng yaxshi futbolchisi ham ushbu jamoa tarkibida o‘ynadi. O‘yinlar oson bo‘lmaydi, shunga qaramay, biz ulardan kuchlimiz.
Savol: Server, Osiyo kubogi—2011dagi tarkib asosi saqlanib qolgan va tarkibda Iskanderov, Rashidov, Muhammadiyev kabi yoshlar bor. Ular haqida fikringiz qanday?
Javob: O‘zbekistonda iqtidorli yoshlar hamisha ko‘p bo‘lgan. Ishonchim komil, ularning kelajagi porloq. Shunday ishlashda davom etsa, Osiyo kubogining o‘zidayoq o‘zlarini yaxshi tomondan ko‘rsata olishi mumkin.
Savol: Guruh bosqichini uchta shaharda o‘tkazishimiz qiyinchilik tug‘diradi...
Javob: 9-yanvar kuni KXDR bilan o‘ynaganimizdan so‘ng, 10-yanvar kuni ertalab Brisbanga uchamiz. Tiklanish jarayonini o‘tkazib, keyingi o‘yinga tayyorlanishga ulguramiz. Faqat bitta biz emas, barcha jamoalar shunday sharoitda o‘ynaydi.
Savol: Islom To‘xtaxo‘jayev diskvalifikatsiya tufayli o‘rtoqlik o‘yinlarida maydonga tushmadi...
Javob: Futbolda tez-tez uchrab turadigan holat. Islom o‘yin amaliyotiga ega bo‘la olmadi. Futbolchi faqat mashg‘ulotda ishtirok etib, o‘yinda ishtirok eta olmasa, bu futbolchi uchun oson emas. U turnirdagi birinchi o‘yinni ham o‘tkazib yuboradi. Islom yaxshi formada. Terma jamoaga yordami tegadi.
Savol: Odil Ahmedovning sport formasi qanday holatda?
Javob: Odil jarohat tufayli ancha vaqt o‘ynamadi. Server ham kichik jarohat oldi. Ular individual mashg‘ulotlarda ishtirok etdi. Biz qisqa ta’tilga chiqqan bo‘lsak-da, Ahmedov o‘z ishini davom ettiradi. U tiklanish jarayonini o‘tkazmoqda. Odil musobaqada yaxshi formaga chiqishi kerak.
Savol: Terma jamoa oldiga qo‘yilgan asosiy vazifa nimadan iborat?
Javob: Sovrinli o‘rinlarni egallash. Bu maqsadga bosqichma-bosqich yetib boramiz. Avval guruhdan chiqish, keyin chorak final o‘yinida g‘olib chiqish. Yarim finalga chiqib olganimizdan keyin iloji boricha finalga chiqishga harakat qilamiz. Ushbu musobaqaga tayyorgarlik davomida katta hajmda ish olib borildi. Ular samara berishi kerak. Xalqimiz bizni qo‘llab-quvvatlab, duo qilib tursa bo‘lgani.
Izoh (0)