2014-yilning 26-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni Markaziy saylov komissiyasi raisi M. Abdusalomov boshqardi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasi va “Davlat hokimiyati vakillik organlariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining navbatdagi saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 2-moddasiga hamda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 8-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kunini 2015-yil 29-mart, yakshanba kuni deb belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi 2014-yilning 26-dekabridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasining boshlanganligini e’lon qildi.
Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi ham tasdiqlandi.
Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha tadbirlar Markaziy saylov komissiyasi, tuziladigan saylov komissiyalari tomonidan ochiq va oshkora, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, saylov to‘g‘risidagi qonunlarga qat’iy muvofiq amalga oshiriladi.
Markaziy saylov komissiyasi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazini tuzish haqida qaror qabul qildi. U Toshkent shahri Navoiy ko‘chasi, 16-uy manzili bo‘yicha joylashgan.
Shu kunning o‘zida mamlakatimiz va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing tashkil etildi.
Izoh (0)