Urganch shahrida zamonaviy gipermarket foydalanishga topshirildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
“To’maris-nur” xususiy korxonasiga qarashli ushbu yirik savdo majmuasining ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida tadbirkorlikni rivojlantirish, soha vakillarining erkin faoliyat olib borishi uchun qulay sharoit yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining 2013-yil 20-martdagi “Xorazm viloyatida 2013−2015-yillarda turizm sohasini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida ishga tushirilgan gipermarketda keng turdagi yuqori sifatli savdo, ovqatlanish va boshqa xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
Zamonaviy dizayn va ko‘rinishda barpo etilgan savdo majmuasi to‘rt qavatdan iborat bo‘lib, har bir qavatida xaridor va mijozlar uchun qulayliklar yaratilgan. Kino zallari, bolalar o‘yin maydonchasi shular jumlasidandir.
Gipermarketning ishga tushirilishi bilan bir yuz ellikka yaqin aholi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Ularning oltmish foizi kasb-hunar kollejini bitirgan yoshlardir.
“Yangi yil bayrami arafasida ochilgan ushbu savdo majmuasi shahrimiz ahli uchun haqiqiy tuhfa bo‘ldi. Bu yerda sotuvchi va xaridorlar uchun yaratilgan shart-sharoitga havas qilsa arziydi. Savdo bo‘limlaridagi to‘kinlikdan ko‘z quvnaydi. Aholiga qulaylik yaratish, farovonligini yanada yuksaltirishga alohida e’tibor qaratayotgan davlatimiz rahbaridan minnatdormiz”, – dedi mehnat faxriysi Zaynab Xudoyberganova.
Gipermarketda qandolatchilik, non mahsulotlari va tikuvchilik sexlari ham ish boshladi.
Majmuaning ochilish marosimida Xorazm viloyati hokimi P. Bobojonov so‘zga chiqdi.
Izoh (0)