O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 2-dekabr kuni Xitoy davlat taraqqiyot banki ishtirokida O‘zbekiston telekommunikatsiya tizimlarini modernizatsiya qilishga doir qarorni imzoladi, deb xabar bermoqda “Kun.uz”.
Ushbu qaror talablarini bajarish doirasida 2015-yildan boshlab O‘zbekiston telekommunikatsiya infratuzilmalarini rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati 117,6 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasining “Infocom.uz” saytida e’lon qilingan axborotida ma’lum qilinishicha, ushbu mablag‘ning 100 million dollari Xitoy davlat taraqqiyot banki tomonidan taqdim etiladi.
Ushbu loyihalar axborot uzatish magistral tarmoqlarining o‘tkazish quvvatini xalqaro yo‘nalish bo‘yicha 10 barobar (100 Gbit/soniya), viloyat markazlari bo‘yicha 4 barobar (40 Gbit/soniya) va tuman markazlari bo‘yicha 10 barobar (10 Gbit/soniya) oshirishni nazarda tutadi.
Shuningdek, ushbu qaror doirasida FTTx texnologiyasi bo‘yicha keng polosali optik tarmoqlarni rivojlantirish ham ko‘zda tutilgan bo‘lib, 6,9 million dollarga Toshkent shahridagi abonent liniyalarini modernizatsiya qilish va 69 ming 120 portda keng polosa bo‘ylab axborot uzatishni ta’minlaydigan qurilmalarni o‘rnatish ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)