O‘zbekistondagi faoliyatini yakunlayotgan AQSh elchisi Jorj Krol o‘zining so‘nggi matbuot anjumanini o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Podrobno.uz”. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar va amerikaliklar mazali taom yeyishni istashlari borasida bir-biriga o‘xshaydi.
“O‘zbekistondagi faoliyatim davomida bungacha hech qayerda uchratmagan rang-barang pazandachilikka guvoh bo‘ldim. Menimcha, palovning barcha turlarini − Namangan, Jizzax, Samarqand, Buxoro va boshqa palovlarni tatib ko‘rdim”, − dedi elchi. Jorj Krolning so‘zlariga ko‘ra, u bajonidil poytaxt metrosida yurgan hamda Oloy bozoridan meva va sabzavotlarni xarid qilib turgan.
Shuningdek, u aynan O‘zbekistonda “Amerika” nomi yurtimizda, Amir Temur davrida paydo bo‘lganini o‘rganganini hazil bilan ma’lum qilgan. Toshkentliklar unga qit’ani Amir Temur ochgani va ortga qaytayotganda mahalliy hindularga bu yerlar “Amir aka”ga tegishli ekanligini aytishni topshirgani haqidagi latifani aytib bergan.
Qayd etilishicha, Jorj Krol o‘zbek tilini o‘rganib, bemalol gaplasha oladigan kam sonli xorijlik diplomatlardan biridir. U faoliyatini Qozog‘istonda davom ettirishi ma’lum qilingan.