Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida “Toshrabot” qishloq vrachlik punktining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Prezident rahnamoligida aholi salomatligini yanada mustahkamlash, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, shifo maskanlarining moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida Navoiy viloyatidagi 14 ta qishloq vrachlik punktida ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. “Toshrabot” qishloq vrachlik punkti yangi binosini barpo etish uchun 930 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan.
“Salomatlik maskanida to‘rt shifokor, 30 nafar hamshira 7800 dan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatadi, — dedi muassasa mudiri Erkin Egamov. — Yangi binoda yaratilgan zamonaviy sharoit nafaqat aholi, balki biz, tibbiyot xodimlariga ham katta qulaylik yaratadi. Ishimiz samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi”.
Tadbirda viloyat hokimi E. Turdimov so‘zga chiqdi.