“Turkiston” san’at saroyida O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh yigit-qizlarga “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishonini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Tadbir ishtirokchilari Mustaqillik maydonida bo‘lib, hurriyat, porloq istiqbol va ezgu niyatlar ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi.
Marosimda Prezident Islom Karimov rahnamoligida yosh avlodga jahon andozalari darajasida bilim berish, ularning kasb egallashi, sport bilan shug‘ullanishi, o‘z salohiyati va intilishlarini ro‘yobga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgani alohida ta’kidlandi.
Tadbirda mukofotlangan yigit-qizlar yoshlarga ko‘rsatayotgan doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligi uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirib, bundan buyon ham O‘zbekiston ravnaqi va xalq farovonligi yo‘lida astoydil mehnat qilishini ta’kidladi.
Saroy foyyesida O‘zbekistonda yoshlar siyosatiga doir islohotlar samaralari aks etgan rasmlar, yosh iqtidor sohiblari tomonidan erishilgan ilm-fan yutuqlari, ular yasagan milliy hunarmandlik namunalari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Taqdirlash marosimi yosh ijrochilar ishtirokidagi konsert dasturi bilan yakunlandi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A. Ikromov so‘zga chiqdi.
Izoh (0)