Aleksandr Volkov O‘zbekiston milliy terma jamoasining yordamchi murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Prezidenti Mirabror Usmonov raisligida o‘tgan terma jamoalar markazi mutasaddilari va murabbiylar ishtirokida o‘tgan majlisda qaror qabul qilindi, deb xabar bermoqda federatsiya matbuot xizmati.
Volkovning qo‘shilishi O‘zbekiston milliy terma jamoasi murabbiylar shtabining tarkibiga hech qanday ta’sir qilmaydi. Shuhrat Maqsudov katta murabbiy lavozimida ish olib boradi. Baxtiyor Ashurmatov va Aleksandr Volkov yordamchi murabbiy sifatida ishlaydi.
O‘zbekiston terma jamoasi 2015-yilgi Osiyo Kubogi bahslariga tayyorgarlikni 2 davrga bo‘ladi. Birinchisi 1−14-dekabr kunlari, ikkinchisi esa 17−29-dekabrda BAAning Dubay shahrida bo‘lib o‘tadi.
Tayyorgarlik davomida milliy terma jamoa 5 ta o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazadi. Rejaga ko‘ra, dastlab 4-dekabrda birinchi raqib Yangi Zelandiya Premyer Ligasi klubi “Okland” bo‘ladi. Shundan so‘ng Mirjalol Qosimov jamoasi Quvayt (10-dekabr), Falastin (13-dekabr), Iordaniya (20-dekabr) va Iroq (25-dekabr) bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazadi.
Izoh (0)