O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 21-noyabr kuni Oqsaroyda Shveysariya Konfederatsiyasi Prezidenti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) amaldagi raisi Didye Burkxalter bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Prezident Islom Karimov oliy martabali mehmonni O‘zbekistonga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston Shveysariyaga ishonchli hamkor, jahon siyosatida muhim o‘rin tutuvchi, umume’tirof etilgan xalqaro iqtisodiy va moliyaviy markaz sifatida qarashini ta’kidladi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston — Shveysariya munosabatlarining muhim masalalari, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Ikki mamlakat o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlik bo‘yicha katta tajriba to‘plangani, mustahkam shartnomaviy-huquqiy asos yaratilgani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, har ikkala mamlakatning mavjud salohiyati o‘zaro manfaatli bo‘lgan barcha sohalarda hamkorlikni izchil kengaytirish imkonini berishi qayd etildi.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi siyosatga oid ko‘plab masalalar bo‘yicha O‘zbekiston va Shveysariyaning pozitsiyasi yaqin yoki o‘xshash ekani BMT, YeXHT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik uchun qulay sharoit yaratmoqda.
O‘zbekiston Shveysariyaning 2014-yilda YeXHTga raisligini qo‘llab-quvvatlagan edi. Prezident Didye Burkxalter YeXHTga raislikning dastlabki yakunlari bo‘yicha o‘z fikrini bayon qildi.
Uchrashuvda dolzarb xalqaro masalalar ham muhokama qilindi.
Izoh (0)