London iqtisodiyot va tinchlik instituti so‘nggi 14 yil davomida kuzatilgan terrorizm bilan bog‘liq global jarayonlar va ko‘rsatkichlar tahlilini Global Terrorism Index (GTI) nomi bilan e’lon qildi.
Tahlilda dunyo mamlakatlarida terrorchi tashkilotlar faolligi bo‘yicha reyting tuzilgan bo‘lib, undan jami 162 davlat o‘rin olgan. Tadqiqot sayyoramiz aholisining 99,6 foizini qamrab olgani aytilgan. Tahlil jarayonida teraktlar soni, o‘lim miqdori, qurbonlar soni va moddiy ziyon darajasi inobatga olingan.
Reytingda O‘zbekiston 111-o‘rinda ko‘rsatilgan bo‘lib, 10 balli shkalada 0,14 ball berilgan. Bu mamlakatda terrorizm xavfi minimal darajada ekanligidan dalolat beradi.
Terrorizm xavfi eng yuqori davlatlar deb Iroq, Afg‘oniston, Pokiston, Nigeriya, Suriya, Hindiston, Somali, Yaman, Filippin, Tailand kabi mamlakatlar topilgan. Rossiya 11, Turkiya 17, Xitoy 25, Buyuk Britaniya 27, Eron 28, AQSh 30, Ukraina 51, Belorussiya 53, Saudiya Arabistoni 55, Fransiya 56, Italiya 62, Qozog‘iston 65, Tojikiston 68, Germaniya 83, Kanada 84, Avstraliya 95-o‘rinlarda ko‘rsatilgan.
39 ta davlatga 10 balli shkalada 0 qo‘yilgan bo‘lib, ushbu mamlakatlarda terrorizm ta’siri umuman yo‘qligi aytilgan. Bunday davlatlar sirasiga Turkmaniston, Janubiy va Shimoliy Koreya, Yaponiya, Latviya, Litva, Yangi Zelandiya, Singapur kabi davlatlar kiritilgan.
Izoh (0)