Surxondaryo viloyati Angor tumanida istiqomat qiluvchi haydovchi qarindoshlarini Termiz shahriga olib borish niyatida Lacetti rusumidagi avtomobilda yo‘lga tushdi. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining “Postda” gazetasi xabar bermoqda.
Xuddi shu kuni sherobodlik ayol qizi va ammasi bilan tuman markazidagi bozordan kerakli narsalarni xarid qilgach, Matiz avtomashinasida uy tomon yo‘lga chiqdi. Sherobod — Angor yo‘nalishida harakatlanayotgan ayol bozorda charchadimi, o‘z boshqaruvidagi avtomobilni qarama-qarshi yo‘nalishda haydab ketdi.
Katta tezlikda Lacetti haydab kelayotgan angorlik to‘g‘ridan kelayotgan Matiz avtomobilini ko‘rib esankirab qoldi va tormozni bosish o‘rniga rulni chapga burdi. Natijada Lacetti o‘z yo‘nalishiga o‘tib olgan Matiz avtomobiliga urildi.
Avtohalokat natijasida Matiz ichida bo‘lgan yo‘lovchi ayol (haydovchining ammasi) olgan jarohati tufayli hayotdan ko‘z yumdi. Matiz avtomobilini boshqargan ayolning o‘zi esa ertasi kuni Angor tumanidagi shifoxonada jon berdi. Qolganlar ham turli darajada tan jarohati oldi.
“Surishtiruv natijasida Lacetti haydovchisi o‘z aybini tan oldi, — dedi Surxondaryo viloyati IIB tergov boshqarmasi bo‘linma boshlig‘i, katta leytenant Obid G‘oyibqulov. — O‘sha vaziyatda mashinani boshqarib kelayotgan (Lacetti) haydovchisi rulni chap tomonga burmay, tormozni bosganida ikki kishining umriga zomin bo‘lmasdi. U shoshqaloqlik qilib, qarindoshlarni manzilga tezda eltib qo‘yish niyatida tezlikni belgilanganidan oshirib yuborgan. Bu yo‘l-transport hodisasida Matiz haydovchisining ham aybi bor. U har qanday sharoitda ham qarama-qarshi tomonga chiqib ketmasligi kerak edi”.
Izoh (0)