Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga qarashli Polimerlar kimyosi va fizikasi ilmiy-tadqiqot markazida tabiiy va sintetik polimerlar asosidagi nanopolimer tizimlarning tuzilishi va xossalarini o‘rganish va bunday mahsulotlar olishning zamonaviy texnologiyalariga bag‘ishlangan xalqaro anjuman boshlandi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
O‘zbekiston Milliy universiteti rektori G‘. Muhamedov, Polimerlar kimyosi va fizikasi ilmiy-tadqiqot markazi direktori S.Rashidova va boshqalar ilm-fan taraqqiyotini rivojlantirish, innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kengaytirish Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishini tashkil etishini alohida ta’kidladi. Bu borada yaratilgan keng ko‘lamli imkoniyatlar tufayli fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar izchil rivojlanmoqda, yaratilayotgan yangi texnologiyalarni amalga tatbiq etish orqali salmoqli natijalarga erishilmoqda.
“Mamlakatimizda ilm-fanning barcha sohalari qatori polimerlar kimyosi va fizikasi yo‘nalishi ham izchil rivojlanmoqda. Polimerlar kimyosi va fizikasi ilmiy-tadqiqot markazida o‘n ikkita fundamental, amaliy va innovatsiya, yigirmaga yaqin xo‘jalik shartnomalari asosida ilmiy loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda”, − deyiladi xabarda.
Olimlar va mutaxassislar qishloq xo‘jaligi, kimyo sanoati, tibbiyot va jamiyatimizning barcha tarmoqlarida qo‘llaniladigan zamonaviy polimer mahsulotlar yaratish ustida izlanmoqda. Ilmiy tadqiqotlar natijasida qishloq xo‘jaligida qo‘llaniladigan UZXITAN preparati yaratildi. Ushbu vositani agrar sohada qo‘llash natijasida hosildorlikni oshirish, mahsulot sifatini yuksaltirish va valyutani tejashga erishilmoqda.
Xabarda aytilishicha, Fan yutuqlari tibbiyot sohasida ham samarali ixtirolarni yaratish imkonini berayotir. Ana shunday muhim ishlanmalardan biri «SelAgrip» preparati shifobaxsh xususiyatlari jihatidan xorijdagi analoglaridan aslo qolishmaydi. Hozirgi kunda poytaxtimizdagi «Radiks» ilmiy-ishlab chiqarish korxonasida tayyorlanayotgan va amalda keng foydalanilayotgan ushbu preparat gripp kasalligining oldini olish va davolashda samarali vositadir. Ushbu preparatdan xorijiy mamlakatlarda “Kagotsil” savdo belgisi ostida foydalanilayotir.
Konstruksion polimerlar asosida yangi materiallar yaratish, qayta ishlash usullarini takomillashtirish ham ilmiy izlanishlarning muhim yo‘nalishlaridandir. Bu boradagi tadqiqotlar nanotexnologiyalarni qo‘llash uchun maxsus kompozitsion polimer materiallar olish imkonini yaratadi.
O‘zA xabariga ko‘ra, Prezidentimiz Islom Karimovning 2014-yil 8-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tuzilmasini yanada maqbullashtirish hamda respublika akademik ilm-fani va oliy ta’limining integratsiyasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ustuvor vazifalarni hayotga tatbiq etishda dasturilamal bo‘layotir. Mazkur qarorga muvofiq Polimerlar kimyosi va fizikasi ilmiy-tadqiqot markazi O‘zbekiston Milliy universiteti huzurida faoliyat yuritmoqda va yetuk olim hamda mutaxassislar ilmiy-tadqiqot ishlari bilan bir qatorda ta’lim jarayonida ham faol ishtirok etayotir.
Markazda ta’lim va ilm-fan hamkorligi bilan bir qatorda yigirmaga yaqin ishlab chiqarish korxonasi bilan aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.
Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman doirasida yosh olimlarning ilmiy loyihalari taqdimoti va olimlar hamda sanoat korxonalari vakillari ishtirokida fan, ta’lim, amaliyot integratsiyasiga oid davra suhbati tashkil etiladi.
Izoh (0)