5-noyabr kuni elchi Jorj Krol hamda Davlat arxeologiya va tarix muzeyi direktori Abdurashid Zakrilayev “Ark” nomli Buxoro davlat arxeologiya va tarix muzeyida qayta tiklangan badiiy buyumlar ko‘rgazmasini tantanali ravishda ochdi. Tadbirda O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirligi vakillari, tarixchilar, restavratorlar, AQSh elchixonasi xodimlari va jurnalistlar ishtirok etdi. Bu haqda AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
AQSh elchixonasi bu muzey kolleksiyasidagi badiiy buyumlarni saqlash va asrab-avaylash uchun Madaniy merosni asrash bo‘yicha elchi jamg‘armasidan 50 600 AQSh dollari miqdorida grant ajratdi. Muzey bu mablag‘ni tosh asridan to o‘rta asrlargacha tegishli bo‘lgan arxeologik badiiy buyumlarni qayta ta’mirlashga sarfladi. Badiiy buyumlar ko‘p yillar ilgari arxeologik qazilma va tadqiqotlar davomida kashf etilgan bo‘lib, ular qatoriga sopol idishlar, turli xil tangalar, shuningdek, Varaxsha, Poykent va Uchkuloh maskanlaridan topilgan suratlar hamda Shahriston qal’asidan topilgan ko‘plab gil buyumlar kiradi.
Loyiha doirasida 500 ta badiiy buyum qayta tiklanishi ko‘zda tutilgan edi, lekin elchixona granti sharofati bilan 732 ta buyum qayta tiklandi. Ochilish marosimida ularning bir qismi namoyish etildi. Shu tariqa muzeyda restavratsiyasiz yotgan mislsiz qadimgi badiiy buyumlar va boshqa arxeologik materiallarga yangi hayot baxsh etildi va ayni paytda ular ko‘rgazmaga qo‘yilgan.
“Birmuncha yosh davlat bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston tarixi va madaniyati nihoyatda boy o‘lkadir. U chuqur an’analar hamda ko‘hna ruhiy-ma’naviy quvvatga ega mamlakatdir. O‘tmishni anglash va sharaflash chin ma’noda istalgan mamlakatning kelgusi barqarorligi yo‘lida kiritilgan oqilona sarmoya sanaladi. Buyuk tarixiy ahamiyatga ega, qadimgi O‘zbekiston hududida yashagan xalqlarning madaniyati, kundalik turmushi va an’analarini o‘zida namoyon etuvchi Buxoroda joylashgan ushbu muzeydagi badiiy buyumlarni qayta tiklashga yordam berish biz uchun sharafdir”, — dedi ochilish marosimida so‘zga chiqqan elchi Krol janoblari.
2001-yil tashkil etilib, AQSh Davlat departamenti tomonidan boshqariladigan Madaniy merosni asrash bo‘yicha elchi jamg‘armasi butun dunyodagi tarixiy qadamjolar, madaniy obyektlar va kolleksiyalar hamda an’anaviy madaniy ifoda shakllarini asrab-avaylash uchun bevosita grantlar ajratadi. Tashkil etilganidan buyon ushbu jamg‘arma 100 dan ortiq rivojlanayotgan mamlakatlarda 500 dan ziyod madaniy merosga oid loyihalarni qo‘llab-quvvatladi.
Madaniy merosni asrash bo‘yicha elchi jamg‘armasi O‘zbekistonda qadimiy va tarixiy binolarni qayta tiklash, noyob qo‘lyozma va muzey kolleksiyalarini baholash va saqlab qolish, muhim ahamiyatga molik arxeologik qadamjolarni asrab-avaylash va qo‘llab-quvvatlash, an’anaviy hunarmandchilik usullarini hujjatlashtirish kabi 11 ta loyihani mablag‘ bilan ta’minlagan.
Izoh (0)