2014-yil 31-oktabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Kengash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 16-yalpi majlisini shu yil 13-noyabrda Toshkent shahrida chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Senatning yalpi majlisi muhokamasiga 2015-yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining 2015-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi, shuningdek, 2015-yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi to‘g‘risidagi masalalarni kiritish rejalashtirilmoqda.
Senatning yalpi majlisi kun tartibiga “‘Investitsiya faoliyati to‘g‘risida’gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi, shuningdek, ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunlarni ham ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.
Shu bilan bir qatorda navbatdagi yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilinadi.
Oliy Majlis Senati qo‘mitalarining va Devonining 16-yalpi majlisni tayyorlash hamda o‘tkazish bilan bog‘liq ishini muvofiqlashtirish uchun Kengash tomonidan tegishli ishchi guruh tuzildi.
Izoh (0)