Forbes jurnali tomonidan e’lon qilingan “Rossiyaning eng boy 200 tadbirkori” reytinginini o‘rganib chiqqan Lenta.ru nashri ushbu ro‘yxatning milliy tarkibi tahlilini taqdim etdi. Maqoladan reytingdagi millati o‘zbek milliarderlar − Alisher Usmonov va Iskandar Mahmudovning mablag‘lariga oid qiziqarli ma’lumotlar o‘rin olgan.
Umumiy boyligi 481,5 milliard dollarga baholangan ushbu 200 nafar shaxs 22 millat vakillari ekanligi aniqlangan. Reytingdagi eng ko‘p boylar ruslar, yahudiylar va ukrainlar bo‘lsa, tatarlar, armanlar, tog‘lik yahudiylar, ozarlar, ingushlar, chechenlar, osetinlar va o‘zbeklarning 2—8 nafardan vakillari bor. Avar, arab, belorus, grek, gruzin, kabardin, qozoq, kurd, lezgin, litva va moldovanlarning bir nafardan vakillari reytingdan joy olgan.
Umumiy mablag‘lari bo‘yicha ruslar 165 milliard dollar bilan yetakchi bo‘lsa, yahudiylar 122,3 milliard, ukrainlar 70,4 milliard, o‘zbeklar 24,7 milliard va armanlar 21 milliard dollar bilan keyingi o‘rinlarda bormoqda.
Ro‘yxatdagi har bir millat vakillarining o‘rtacha mablag‘lari bo‘yicha o‘zbeklar 12,4 milliard dollar bilan birinchi o‘rinni egallagan, lezginlar 6,9 milliard, beloruslar 6,5 milliard, greklar 6 milliard va ozarlar 5,6 milliard dollar bilan keyingi o‘rinlarda turibdi.
Eslatib o‘tamiz, bir necha yildan buyon Rossiyaning eng boy odami sifatida tan olinayotgan Alisher Usmonovning umumiy boyligi 18,6 milliard dollarga, yana bir asli o‘zbekistonlik milliarder Iskandar Mahmudovning mablag‘lari 6,1 milliard dollarga baholangan.
Izoh (0)