“Toshkentgazta’minot” unitar korxonasining “Toshkentshahargaz” filialida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik nihoyasiga yetkazildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Bu boradagi ishlar 2014-yil 1-iyulda qabul qilingan 2014-2015-yillar kuz-qish davrida respublika iqtisodiyoti tarmoqlarini barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qaroriga muvofiq amalga oshirildi.
“Toshkentshahargaz” filiali bosh muhandisi Sh.Tojiyevning so‘zlariga ko‘ra, poytaxtimizda uchta gaz taqsimlash stansiyasini o‘z ichiga olgan o‘ziga xos gaz ta’minoti tizimi faoliyat ko‘rsatmoqda. Buning natijasida gaz bosimi shaharning barcha hududiga teng taqsimlanmoqda. Filialning asosiy vazifasi ushbu tizimning uzluksiz ishlashini ta’minlash, uni modernizatsiya qilish va takomillashtirish, shuningdek, kuz-qish mavsumida barqaror ishlashga tayyorlashdan iboratdir.
Shu maqsadda tumanlardagi gaz ta’minoti tashkilotlari tomonidan 315 kilometr gaz quvuri sinovdan o‘tkazilib, havo oqimi bilan tozalandi. Uzunligi ming kilometrdan ortiq gaz tarmog‘i zamonaviy asbob-uskunalar yordamida tekshirildi. Ayni paytda 13 kilometrdan ziyod gaz quvurlari ta’mirlandi. Zarar yetgan quvurlar innovatsion texnologiyalar yordamida qayta tiklanib, 60 gaz taqsimlash punkti ta’mirdan chiqarildi.
Izoh (0)