Bugun e’lon qilingan FIFAning yangi reyting jadvalida O‘zbekiston terma jamoasi yetti o‘rin pastladi. Endi O‘zbekiston termasi 498 ochko bilan 65-o‘rinni egallab turibdi, deb xabar bermoqda Stadion.uz.
Shunga qaramay, O‘zbekiston Osiyoning uchinchi jamoasi nomini o‘zida saqlab turibdi. Kuchli 50 talikda Osiyoning birorta ham jamoasi qolmadi. Eron 51 (-7), Yaponiya 52-o‘rinlarga (-4) o‘z pozitsiyalarini susaytirdi. O‘zbekistondan ikki ochko kamroq ochko jamg‘argan Janubiy Koreya 66-o‘rinni band etgan.
O‘zbekistonning Osiyo kubogidagi raqiblari — Saudiya Arabistoni 15 pog‘ona pastlab, 98-o‘ringa tushib ketdi. Xitoy esa to‘qqiz o‘rin ko‘tarilib, 88-pog‘onaga joylashdi; KXDR 148-qatorni egalladi.
OFK koeffitsiyentlar jadvalida O‘zbekiston bilan raqobatchilik qilayotgan BAA o‘z ochkolarini 17 taga kamaytirgan bo‘lsa (79-o‘rin), Qatarning ochkolari 27 taga ko‘paygan (88-o‘rin).
Jadvalning yuqori qismidagi terma jamoalarning ochkolarida kamayishni kuzatish mumkin. Kuchli uchlikda hech qanday o‘zgarish yuz bermagan: Germaniya, Argentina, Kolumbiya. Belgiya esa bitta o‘rin yuqoriga ko‘tarilib, Gollandiyadan oldinga o‘tib oldi.
Jadvalning to‘liq ko‘rinishi bilan FIFA rasmiy saytida tanishish mumkin.
Izoh (0)