22-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda quyi palata axborot xizmatiga tayanib, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Majlisda O‘zbekistonning 2015-yilgi Davlat byudjeti loyihasi atroflicha muhokama qilindi.
O‘zbekiston XDP fraksiyasining a’zolari ijtimoiy sohaga ajratilgan Davlat byudjeti mablag‘larining ulushi oshirilishiga alohida e’tibor qaratdi.
Ta’kidlandiki, 2015-yilgi Davlat byudjetining ijtimoiy xarajatlari YaIMga nisbatan 12,8 foizni, ta’limga ajratilgan xarajatlar 7,3 foizni, sog‘liqni saqlashga ajratilgan xarajatlar 3,1 foizni, kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlari 1,3 foizni tashkil etadi. Davlat byudjetining ijtimoiy ta’minotga ajratilgan xarajatlari joriy yilga nisbatan 1,2 baravardan ziyod oshadi. Bu esa aholi farovonligini izchil tarzda yaxshilash imkoniyatini yaratadi.
Shu bilan birga, Davlat byudjetining daromadlari tushumi, ulardan samarali foydalanish, ayniqsa, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilayotgan byudjet mablag‘lari ustidan parlament nazoratini kuchaytirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Izoh (0)