2014-yil 15-oktabr kuni “O‘zbekfilm” kinostudiyasi qoshidagi Multiplikatsion filmlar ishlab chiqarish birlashmasi “O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan milliy kinematografiya tarixida ilk bor “No‘xat polvon” to‘liq metrajli multiplikatsion (1,5 soat) filmini ishlab chiqarishga kirishdi. Bu haqda “O‘zbekkino” Milliy agentligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Dastavval to‘liq metrajli multfilm adabiy ssenariysi uchun ijodiy tanlov shartlari ishlab chiqilib, matbuot va internet nashrlarida e’lon qilindi. Tanlovda ko‘plab ijodkorlar, mualliflar ishtirok etdi. Ular taqdim etgan asarlar beglingangan mezonlar asosida o‘rganib chiqildi. Agentlik badiiy kengashi qaroriga binoan, taniqli ijodkor Ismoil Shomurodovning o‘zbek xalq ertaklari asosida yozilgan “No‘xat polvon” adabiy ssenariysi g‘olib deb topildi. Ayni paytda mazkur adabiy ssenariy bo‘yicha “O‘zbekfilm” kinostudiyasi qoshidagi multbirlashmada to‘liq metrajli multiplikatsion film ishlab chiqarish qizg‘in davom etmoqda.
Multbirlashma rahbari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Mavzur Mahmudovning ta’kidlashicha, bu ishga Nozim To‘laxo‘jayev, Dmitriy Vlasov singari taniqli rejissyorlar boshchiligidagi multiplikatorlar guruhi jalb etilgan. E’tiborlisi, mazkur ijodiy loyihaga ko‘plab iste’dodli yosh animator va rassomlar ham jalb qilingan. Ularning animatsiya sohasidagi bilim va malakasini oshirish maqsadida multbirlashmada maxsus o‘quv kurslari ham tashkil etildi.
Multfilm qahramonlarining eskizlari chizilib, tayyor holatga keltirildi. Shu kunlarda esa obrazlarni jonlantirish jarayoni boshlab yuborildi. Multfilmda bir nechta qo‘shiqlar ham o‘rin oladi. Ayni paytda qo‘shiqlar matni yozilib, ularga kuy bastalanmoqda.
Yengil yumor ruhi bilan yo‘g‘rilgan ushbu asarda milliy ertaklarning mashhur qahramonlari boshdan kechirgan ajoyib-g‘aroyib voqealar orqali halollik, mehnatsevarlik, rostgo‘ylik, o‘zgalarga ko‘mak berish singari bolalar uchun tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan ezgu g‘oyalar tarannum etiladi.
“No‘xat polvon” multfilmini katta ekranlarga 2015-yilda chiqarish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, “Sog‘lom bola yili” davlat dasturida o‘zbek xalq ertaklari asosida to‘liq metrajli multiplikatsion film ishlab chiqarish vazifasi ham belgilangan edi.
Izoh (0)