Amerikalik xonanda Maykl Jekson Forbes jurnali tanloviga ko‘ra, eng boy marhum yulduzlar reytingida yana bir bor birinchi o‘rinni egalladi, deb xabar bermoqda “Kun”.
Ma’lum bo‘lishicha, 2013-yil oktabridan 2014-yil oktabrigacha xonandaning ijodiy merosi 140 million dollar miqdorida foyda keltirgan.
Xususan, Jeksonning o‘limidan so‘ng uning ikkinchi — Xscape nomli albomi chiqarildi, bundan tashqari, Billboard Music Awards’da xonandaning gologrammasi “chiqish” qildi.
Forbes reytingida ikkinchi o‘rin “rok-n-roll qiroli” Elvis Presliga nasib etdi. So‘nggi bir yil davomida uning ijodiy merosi 55 million dollar ishlab topdi.
Uchinchi o‘rin esa Charli Braun ismli bola va uning Spuni laqabli iti to‘g‘risidagi Peanuts komikslari muallifi, karikaturachi-rassom Charlz Shulsga nasib etdi (40 million dollar).
To‘rtinchi o‘rindan aktrisa Elizabet Teylor (25 million dollar), beshinchi pog‘onadan esa musiqachi Bob Marli (20 million dollar) joy olgan.
Undan keyingi o‘rinlarda Merilin Monro (17 million dollar), The Beatles guruhi vakili Jon Lennon (12 million dollar), olim Albert Eynshteyn (11 million dollar), yozuvchi va multplikator Teodor Geyzel (to‘qqiz million dollar), aktyor va jangovar san’at ustasi Bryus Li (to‘qqiz million dollar), aktyor Stiv Makkuin (to‘qqiz million dollar), aktrisa Betti Peyj (to‘qqiz million dollar) va aktyor Jeyms Din (yetti million dollar) joy olgan.
Izoh (0)