Jizzaxda eridan ajrashib, ikki farzandi bilan ijara uyda yashaydigan ayolga mahalla faollari yordam berib, firmaga ishga joylashtirib qo‘ydi. Biroq u tez orada ishdan haydaldi. Bunga ayolning qo‘li egriligi sabab bo‘ldi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining “Postda” gazetasi.
Jizzaxda tovlamachilikni kasb qilgan, qo‘ni-qo‘shnilar bilan chiqishmay urushavergan, qator jinoyatlarni sodir etgani uchun sudlanib, qamalgan ayol ikki farzandning onasi ekanligiga qaramay, firibgarlik ishlarini davom ettirdi.
Xususan, ayol Jizzax shahridagi avtomashina bozorida zominlik kishining “Neksiya”sini bir-ikki haydab ko‘rib, yoqsa olishini, o‘zi rasmiylashtirishini aytib, kerakli hujjatlar — fuqarolik pasporti, haydovchilik guvohnomasi va avtomobil hujjatlarini oldi. Uch-to‘rt kundan so‘ng, mashinani xarid qilmasligini ma’lum qilib, “qoldirgan” garov pulini talab qildi. Firibgarning qo‘liga tushganini, tuhmatda qolganini anglagan avtomobil egasi sharmanda bo‘lishdan cho‘chib, 500 dollar keltirib, hujjatlarini olib ketdi.
Ertasi kuni Matiz avtomashinasining egasini ham shunday aldagan ayol bu safar sotuvchiga garov sifatida “bergan” 700 dollar pulini talab qildi.
Makkor ayol navbatdagi “rolini” ijro etish vaqtida, ya’ni yana bir kishining avtomobilini “sotib olish” jarayonida tovlamachilik qilib, 1,5 million so‘m olayotganida qo‘lga tushdi. Ma’lum bo‘lishicha, u besh nafar fuqaroni ana shunday yo‘l bilan chuv tushirgan.
Izoh (0)