O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi qoshida hunarmandlikni rivojlantirish markazi ochildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Badiiy akademiyasi hamda YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan markazning ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda Prezident rahnamoligida milliy hunarmandlikni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash va oilalar daromadini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samaralarini berayotgani ta’kidlandi.
Tadbir doirasida gilamdo‘zlik, kashtachilik, hunarmandlik mahsulotlari, amaliy san’at asarlari ko‘rgazmasi namoyish etildi. “Ustoz-shogird” an’analari asosida tajribali hunarmandlar tomonidan mahorat saboqlari o‘tkazildi.
“Markazda milliy hunarmandchilikni rivojlantirish, yoshlarga soha sirlarini o‘rgatish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan, — dedi chimboylik hunarmand Ulbo‘sin O‘tepbergenova. — Ko‘rgazma o‘zimiz tayyorlayotgan mahsulotlarni keng targ‘ib etish uchun ayni muddao bo‘ldi”.
Markaz milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, boy madaniy merosni, hunarmandlik va amaliy san’at asarlarini keng targ‘ib etish, “ustoz-shogird” an’analarini davom ettirish, milliy hunarmandlik sirlarini yosh avlodga o‘rgatish bo‘yicha faoliyat olib boradi. Milliy kashtachilik va amaliy san’at asarlarini xalqaro miqyosda targ‘ib etish hamda sayyohlikni rivojlantirishga hissa qo‘shadi.
Izoh (0)