Ispaniya qirollik futbol federatsiyasi (RFEF) “Real Madrid Kastilya” bosh murabbiyi Zayniddin Zidanni uch oy muddatga diskvalifikatsiya qildi, deya xabar bermoqda “Kun” Ispaniyaning AS nashriga tayanib.
Xabar berishlaricha, Zidan tegishli litsenziyasiz murabbiylik faoliyatini olib borgani sabab intizomiy jazoga duchor bo‘lgan.
Qayd etish joiz, “Real Madrid” rahbariyati “Kastilya”ning bosh murabbiyi rasman Serxio Sanches ekanligini, Zidan esa yordamchi murabbiy rolini bajarayotginini ta’kidlamoqda. Biroq ayblovchi tomon hammasi aksincha ekanligini isbotlovchi hujjatlar va videoni taqdim etgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy mavsum starti arafasida Ispaniya futbol murabbiylari milliy uyushmasi Zidan tegishli litsenziyasiz murabbiylik faoliyatini olib borayotgani ustidan shikoyat qilgandi.
Ispaniyada yoshlar jamoalariga murabbiylik qilayotgan mutaxassislar uchinchi darajali milliy diplomga ega bo‘lishlari kerak, Zidan esa shu hujjatni olsa bo‘ldi.
“Real” yaqin 10 kun ichida federatsiyaning ushbu qarori ustidan tegishli instansiyaga apellyatsiya berishi, agar apellyatsiya rad etiladigan bo‘lsa, ushbu qaror ustidan Lozannadagi Sport arbitraj sudiga murojaat qilishi mumkin.
Qo‘shimcha sifatida, “Kastilya” Ispaniya 3-divizionidagi 7-tur uchrashuvlaridan so‘ng olti ochko bilan 18-o‘rinda bormoqda.
Izoh (0)