Hukumatga qarshi kuchlar tomonidan Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrining markaziy maydonida mahalliy soat bo‘yicha 15:00 (Toshkent vaqti bilan ham 15:00)da o‘tkazilishi rejalashtirilgan namoyish bo‘lib o‘tmadi. Maydonga mahalliy OAV vakillari va suratkashlar guruhlaridan boshqa hech kim kelmadi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Belgilangan joyga kelgan Tojikiston huquqni muhofaza qilish organlaridan besh nafar patrul-post xizmati xodimlari o‘zlarining bu yerda bo‘lishi rejalashtirilgan namoyishga daxli yo‘qligini ta’kidladi. “Biz ikki kundan so‘ng Dushanbening 90 yilligi nishonlanishini e’tiborga olgan holda jamoat tartibini ta’minlayapmiz”, — dedi militsiya kichik leytenanti.
Nashrda qayd etilishicha, shahar markazi bilan bog‘langan ko‘chalarda ham odamlar to‘plangani ko‘zga tashlanmagan. Faqatgina masjidlar oldida an’anaviy juma namozini o‘qigan kishilar ko‘ringan. “Biz hech qanday namoyish va notinchlik istamaymiz”, — deb ta’kidladi poytaxt aholisidan biri.
Avvalroq Tojikistondan tashqarida bo‘lgan tadbirkor Umarali Quvvatov tomonidan tuzilgan muxolifatchi “24-guruh” 10-oktabr kuni mamlakat prezidenti Imomali Rahmonga qarshi namoyish uyushtirishga qaratilgan chaqiriqlar bilan murojaat qilgandi.
Shundan so‘ng, Respublika hukumati oldindan tegishli xavfsizlik choralarini amalga oshirdi. Xususan, ijtimoiy tarmoqlar, shu jumladan, Facebook va 200 ga yaqin hukumatga qarshi kuchlar saytlari yopib qo‘yildi; din konfessiyalari vakillari, talaba va o‘quvchilar bilan profilaktik suhbatlar olib borildi.
Shuningdek, Tojikiston aloqa operatorlari hukumat buyrug‘i bilan Dushanbe aholisi uchun SMS yuborish funksiyasini o‘chirib qo‘ydi.
Izoh (0)