Serbiyalik mashhur murabbiy Bora Milutinovich terma jamoamizni Osiyo chempionatiga tayyorlashda Mirjalol Qosimovga yordam berishi mumkin, deb xabar bermoqda Stadion.uz.
Esingizda bo‘lsa, shu yilning avgust oyida terma jamoamiz xorijdan maslahatchi murabbiy olib kelish borasida muzokaralar olib borayotgani haqida xabarlar chiqqandi. Ma’lum bo‘lishicha, hozirda Qatardagi “Espayr” akademiyasida faoliyat olib borayotgan Bora Milutinovich terma jamoamiz bilan hamkorlik qilishga rozilik bildirgan.Milutinovich 4-oktabr kuni Dohada Mirjalol Qosimov bilan uchrashdi, terma jamoamizning mashg‘ulotlarini kuzatdi, hatto hamkorlik haqida deyarli kelishib ham olingan.
Serbiyalik mutaxassis tez kunlarda muzokaralarning yakuniy qismi uchun Toshkentga tashrif buyurishi kutilmoqda. Agar hammasi ko‘ngildagidek yakun topsa, u terma jamoamizning dekabr oyidagi yig‘inlarida bevosita ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, Bora Milutinovich jahon chempionatlarining final bosqichlarida, murabbiy sifatida beshta turli terma jamoani boshlab tushib, o‘ziga xos rekord o‘rnatgan. 1986-yilda Meksika, 1990-yilda Kosta Rika, 1994-yilda AQSh, 1998-yilda Nigeriya va 2002-yilda Xitoy terma jamoasi bilan mundialda qatnashgan. U so‘nggi marta 2009-yilda, Iroq terma jamoasi bilan ishlagan.
Izoh (0)