Kecha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Dubayda Bahraynga qarshi o‘yindan oldin mashg‘ulot o‘tkazdi. Ushbu mashg‘ulotlardan so‘ng, terma jamoa bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov bir qator savollarga javob berdi, deb xabar bermoqda Championat.asia.
Mirjalol Qosimov issiq paytda arab davlatlarida o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishga rozi bo‘lganining sababi oddiy ekanligini aytdi: “Avstraliyada yanvar oyida aynan mana shunday ob-havo hukmron bo‘ladi. Yashil qit’ada ham namgarchilik yuqori bo‘lishi aniq. O‘sha paytda u yerda yoz fasli boshlangan bo‘ladi. Chiniqish va iqlim sharoitiga ko‘nikish maqsadida mazkur yig‘inni tashkil etdik. Qatar bilan uchrashuvda legionerlarimiz ishtirok etmadi. Bu o‘yinda aynan namlikni yengib o‘ta olgan futbolchi yaxshi o‘ynashi mumkin. Xarakterni yenga olish kerak, men yigitlarga ishonaman. Aslida ikki jamoaning bir xil sharoitda o‘ynaganligini ham rad etmasligimiz kerak. Birinchi va uchinchi gollar oddiy holatlarda kiritildi”.
Bosh murabbiy Saudiya Arabistoni va Qatar bilan o‘yinlarda oddiy gollar o‘tkazib yuborilayotgani haqida fikr bildirar ekan, taktik va texnik xatolar bo‘layotgani, e’tiborni bir joyga jamlash qiyin kechayotganini qayd etdi: “Kechagi gollarda ham himoyada jiddiy xatolar bo‘ldi”.
Mirjalol Qosimov bo‘lajak ikki uchrashuvda e’tibor o‘yinni shakllantirishga qaratilishini ta‘kidladi: “Birinchi raqamda o‘ynaymiz, balki xatolar bo‘lar, ammo tanlagan taktikamizni takomillashtirishimiz kerak”.
Tarkib haqida fikr bildirgan murabbiy “Vitaliy Denisov Toshkentga keldi, ammo uning jarohati bor ekan. Aleksandr Merzlyakovni ham sinab ko‘rmoqchi bo‘lgandim, afsuski, ba’zi sabablarga ko‘ra u ham biz bilan emas”, — deb aytdi.
Mirjalol Qosimov raqobatni oshirish borasidagi rejalariga to‘xtalib, “Bahodir Nasimov. Ammo u o‘yin amaliyotisiz. Eronga ketganida xursand bo‘lgan edik, afsuski amalga oshmadi. Hujumda yana Kamoliddin Murzoyev va Aleksandr Geynrix bor. Hujum chizig‘i men uchun ham bosh og‘rig‘i bo‘lyapti”, — deb qayd etdi. Shuningdek, u sanab o‘tilgan futbolchilarni keyingi yig‘inlarda sinab ko‘rishini ma’lum qildi: “Qishdagi yig‘inga ularni taklif etishni rejalashtirganman”.
Izoh (0)