Qarshining eski shahar qismida, “Odina” masjidi va boshqa bir qator tarixiy yodgorliklar joylashgan manzilda bunyod etilayotgan xiyobonda qurilish ishlari yakunlanish arafasida. Mazkur xiyobon jami 6,4 gektar maydonni qamrab olgan va bir necha tarixiy obidalar bilan tutashib ketgan, deb yozadi “Qashqadaryo” gazetasi.
Xiyobondagi ikkita asosiy yo‘ldan biri Markaziy dehqon bozori darvozasining to‘g‘risidan bunyod etildi va uning chamasi 50-metri chap tomonida qurilgan musiqali favvora 29-sentabr kuni ishga tushirildi. U qariyb 20 xil musiqaga hamohang otilib, jilvalanib turadi.
Favvoraning yonidan o‘tgan yo‘l orqali to‘g‘ri 30 metr uzunlikda qurilgan ayvonga boriladi. Ayvon ostida ajoyib dam olish maskani hosil bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Unga yetib borsangiz, chap tomonda restavratsiya qilinayotgan ochiq muzeyga ko‘zingiz tushadi. Bu yodgorlik Xo‘ja Qurbon madrasasi o‘rni bo‘lib, tarixi o‘rta asrlarga borib taqaladi. Uning 1,5 metr qismini qayta tiklash rejalashtirilgan.
Ikkinchi yo‘lga esa Nasaf ko‘chasida joylashgan Abdulazizxon madrasasining qarshisidagi qadimiy darvozadan kirib boriladi. U Qilichbek, Bekmir madrasasi, “Odina” masjidi va qadimiy sardobaga hamda Darvozatutak mahallasiga olib boradi. Bu ikki yo‘lni bir-biriga tutashtiruvchi ko‘plab yo‘laklar hosil qilinib, yo‘lakbop plitkalar yotqizib chiqildi. Xiyobonning 4,5 gektar hududini ko‘kalamzorlashtirish, xususan 600 tupga yaqin manzarali, 150 tupdan ortiq ninabargli daraxt ko‘chatlari, 850 tupdan ziyod ko‘p yillik gullar o‘tqazish, ostiga esa maysa yotqizish ishlari amalga oshirilmoqda.
“Xiyobonga tungi yoritqichlarni o‘rnatayapmiz. Xiyobonni 160 dan ortiq tungi yoritqich yoritib turadi. O‘zim ham eski shaharda tug‘ilib o‘sganman. Shu bois o‘zim tug‘ilgan joyda shunday go‘sha barpo bo‘layotganidan va bu bunyodkorlik ishlarida o‘zim ham ishtirok etayotganimdan faxrlanaman”, − dedi “Universal ta’mir-ta’minot” ishlab chiqarish korxonasi bosh muhandisi Temir Ahadov.
Izoh (0)