Shvetsiya Qirolligi Fanlar Akademiyasi Nobel qo‘mitasi 2014-yilgi Nobel mukofoti fizika yo‘nalishi bo‘yicha yaponiyalik olimlar Isamu Akasaki, Xiroshi Amano va Shuji Nakamuraga samarali va ekologik toza yorug‘lik manbasi bo‘lgan ko‘k diodlarni kashf etgani uchun berilishini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.
Kashfiyot hozirgi aksariyat lampalar uchun muqobil bo‘la olishi aytilmoqda.
An’ana bo‘yicha, taqdirlash marosimi 10-dekabr − mukofotga asos solgan shved tadbirkori va ixtirochisi Alfred Nobel (1833—1896) vafoti kunida bo‘lib o‘tadi.
Mukofot Nobel tomonidan vasiyat qilingan besh yo‘nalishning to‘rttasi − fiziologiya va tibbiyot, fizika, kimyo hamda adabiyot, shuningdek, 1968-yilda Shvetsiya Davlat banki tomonidan ta’sis etilgan iqtisod yo‘nalishlari bo‘yicha Stokgolmda topshiriladi. Tinchlik bo‘yicha mukofot esa Nobelning vasiyati tufayli Osloda topshiriladi.
Ertaga, 8-oktabr kuni kimyo yo‘nalishi bo‘yicha 2014-yilgi Nobel mukofoti sohiblari ma’lum qilinadi.
Izoh (0)